O‘zbekiston qator davlatlar bilan ularning fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish masalasi bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilmoqda, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Hozirgi vaqtda Germaniya, Rossiya, Shveysariya, Avstriya, Daniya, Polsha, Slovakiya, Qozog‘iston kabi davlatlar bilan aeroport infratuzilmasidan foydalanish xizmatlarini taqdim etish, havo makoni orqali uchishga ruxsat berish, aeroportga uchib kelish, qo‘nish, zarur texnik va logistika yordamini ko‘rsatish bo‘yicha birgalikda sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.

TIV ma’lumotlariga ko‘ra, xorijlik hamkorlar bilan birgalikda dastlabki tarzda kelishilgan mamlakatlarga jo‘natilayotgan ham chet el fuqarolari, ham Afg‘oniston fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish va O‘zbekiston hududi orqali tranzitini amalga oshirish bo‘yicha tartibli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

«Oxirgi bir necha kun ichida O‘zbekiston hududi orqali 1982 nafar chet el fuqarosini evakuatsiya qilish ta’minlandi», — deyiladi xabarda.

Evakuatsiya qilinayotgan fuqarolarga O‘zbekiston hududida qisqa muddatli bo‘lib turish paytida karantin choralariga qat’iy rioya etgan holda barcha zarur yordam ko‘rsatilmoqda, shundan so‘ng kechiktirilmasdan rejalashtirilgan manzil-mamlakatiga jo‘natilmoqda.