Xitoy parlamenti oilalarga uchta farzand ko‘rishga ruxsat beruvchi qonunga o‘zgartirish kiritishni ma’qulladi

Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishining doimiy qo‘mitasi (parlament) «Aholi va tug‘ilishni rejalashtirish to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni ma’qulladi. Endilikda oilalarga uchta farzand ko‘rishga qonuniy ravishda ruxsat berildi.

Xabarga ko‘ra, qonunning yangi tahririda davlat aholi o‘rtasida erta yoshda nikoh tuzish va bola ko‘rishga ko‘maklashadi. Bundan tashqari, mamlakat hokimiyati bolali yosh oilalarga moliyaviy, soliq, sug‘urta, ta’lim va uy-joy imtiyozlarini joriy etish va yosh avlodning tug‘ilishi va tarbiyasi, shuningdek, ta’lim xizmatlari uchun ota-onalarning xarajatlarini kamaytirish majburiyatini oladi. Mahalliy hokimiyat va ish beruvchilar yosh bolalarni tarbiyalayotgan xodimlarga qo‘shimcha ta’til taqdim etgani uchun hukumat tomonidan rag‘batlantiriladi. — TASS (Sinxua).

Avvalroq xabar berganimizdek, bunday qaror mamlakatdagi demografik vaziyatni hisobga olgan holda, aholining tez qarishi sababli qabul qilingan edi.


Turkiyada yangi karantin cheklovlari joriy etildi

Turkiya prezidenti Toyyip Erdog‘an mamlakat hukumatining koronavirusga qarshi kurashi doirasida bir qator yangi cheklov choralari joriy etilganini e’lon qildi. Xususan, kinoteatr va konsert zallariga tashrif buyurishdan oldin emlanmagan fuqarolar PZR test-sinovidan o‘tadilar. Shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar uchun koronavirusga test topshirish majburiy bo‘ladi. «6 sentyabrdan maktablarda [an’anaviy] o‘qish boshlanishi bilan hali emlanmagan o‘qituvchilar va boshqa xodimlardan haftasiga kamida ikki marta PZR tekshiruvidan o‘tishi so‘raladi», — dedi Erdog‘an. — Hurriyet.


Barcha chet ellik talabalar o‘qish uchun Rossiyaga qaytishlari mumkin

Barcha chet ellik talabalarga o‘qishni davom ettirish uchun Rossiyaga kelishga ruxsat beriladi. Bu haqda Meduza Rossiya ta’lim va fan vaziri Valeriy Falkovning so‘zlariga tayanib xabar bermoqda. «Rossiyaning deyarli barcha universitetlari o‘quv yilini an’anaviy formatda boshlaydilar. Ammo pandemiya cheklovlari tufayli chegaralarimiz yopilgan xorijiy davlatlardan kelgan talabalar mamlakatga kira olishmadi. O‘z vatanida bolalar ko‘pincha masofadan o‘qitish dasturlariga kirishda muammolarga duch kelishardi», — dedi Falkov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaga kela olmaydigan chet ellik talabalar uchun masofaviy formatda o‘qish uchun sharoitlar tashkil qilinadi. Shuningdek, chet ellik talabalarga koronavirusga qarshi emlanish imkoniyatini taqdim etiladi.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi yangiliklar

Afg‘onistondagi vaziyat

  • «Tolibon»ning Qatardagi siyosiy idorasi rasmiy vakili Muhammad Sohail Shohin xorijiy davlatlarni Afg‘onistonni tiklash va uning tabiiy boyliklarini o‘zlashtirishda ishtirok etishga taklif qildi. «Biz urush va vayronagarchilik bosqichidan endigina chiqdik va Afg‘oniston xalqi boshqa davlatlardan yordamga muhtoj bo‘lgan yangi bosqichga kirdik. Ular bizga sog‘liqni saqlash, infratuzilma, ta’lim va boshqa sohalarda yordam berish uchun kelishlari kerak. Ular kelib, bizning tabiiy boyliklarimizni o‘zlashtirishi mumkin», — dedi u. Shohinning ta’kidlashicha, «bu taklif barcha mamlakatlarga taalluqlidir» va «Tolibon» Afg‘oniston tarixida shunday muhim paytda har qanday davlatning yordamini qadrlaydi.
  • «Tolibon» Kobulda komendantlik soati joriy qildi. Favqulodda holatlardan tashqari, hech kimga 21:00 dan tonggacha uydan chiqishiga ruxsat yo‘q. Harakat ruxsatnoma olish uchun «hamma joyda» aloqa telefon raqamlarini e’lon qilgan.
  • Khaama Press’ning yozishicha, «Tolibon» jinoyatchilar — o‘g‘rilar va qaroqchilar bilan faol kurash olib bormoqda, ularni hibsga olib, qonun oldida javob berishga topshirmoqda. Bundan tashqari, o‘g‘il bolalar va qizlarga jinsi shim kiyish taqiqlanmagan, musiqiy audio yozuvlarni tinglashga ham ruxsat berilgan. Shu bilan birga, restoran va kafelarda baland ovozda musiqani qo‘yish taqiqlangan. Televideniyada musiqiy konsertlar va seriallar translyatsiyasi to‘xtatildi.
  • «Afg‘oniston radio va televideniyesi» (RTA) milliy kompaniyasining ikki nafar jurnalist xodimasi «Tolibon»ga murojaat qilib, ularni ish joyiga qaytarishni so‘rashdi. «Men o‘z ishimga kirishishmoqchi edim, lekin Tolibon menga ruxsat bermadi. Ular rejim o‘zgardi, men endi ishlay olmasligimni aytishdi», — dedi RTA boshlovchisi Shabnam Xon Davron. Uning aytishicha, vakillar unga hatto kompaniyaning ofisiga kirishni ham taqiqlagan. Boshqa xodimaning aytishicha: «Ayni paytda dasturlarda o‘zgarishlar bor. Tolibon o‘zlari xohlagan ko‘rsatuvlarni uzatmoqda. Jurnalist ayollar, teleboshlovchi ayollar ishdan haydalmoqda». Harakat bunga hech qanday izoh bermadi.
  • Ba’zi sobiq afg‘on rasmiylarining oila a’zolari, ularning qarindoshlari yo‘qolgan yoki «Tolibon» tomonidan hibsga olingani haqida xabar berishmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, harakat Lag‘mon viloyatining sobiq gubernatori va sobiq politsiya boshlig‘ini hibsga olgan, G‘azni viloyatining sobiq politsiya boshlig‘i ham g‘oyib bo‘lgan.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati

  • Germaniya Harbiy havo kuchlari Kobuldan Toshkentga 11 ta evakuatsiya reysini amalga oshirdi. Hammasi bo‘lib 1,6 ming kishi olib chiqildi.
  • Qozog‘iston hukumati «Tolibon» Afg‘onistonni egallab olganidan so‘ng uni tan olmadi, deya ma’lum qildi mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Akan Rahmetullin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston «Tolibon» bilan hech qanday siyosiy aloqa o‘rnatmagan.
  • Qirg‘iziston chegara xizmati Afg‘onistondan qochqinlarning mamlakatga kelishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Shu bilan birga, idora Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegarada «xavfsizlikni ta’minlash maqsadida» vaqtinchalik chegara postlari tashkil etilganini ma’lum qildi.
  • BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi Afg‘onistonga «xavfsizlikda ishonchsizlik tufayli» gumanitar yordam ko‘rsatishni vaqtincha to‘xtatdi. Ta’kidlanishicha, dastur faoliyati yaqin orada tiklanadi.
  • Braun universiteti AQShning Afg‘onistondagi urushga sarflagan xarajatlarini 2,26 trln dollarga baholadi. Bu urushning har bir kuni uchun o‘rtacha 300 million dollar degani. AQSh ushbu urushdagi xarajatlarning asosiy qismini qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtirgan. 2050 yilga borib ushbu qarzlar foizlari qiymati 6,5 trln dollarga yetishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, Afg‘onistondagi urush davomida 174 ming nafar atrofida qurbonlar bo‘lgani ma’lum qilindi.

Shuningdek:

  • Malayziya oliy rahbari Abdulla al-Mustafo bosh vazir lavozimiga Birlashgan malay milliy tashkiloti vitse-prezidenti Ismoil Sabri Yakob nomzodini tasdiqladi. 16 avgust kuni mamlakat sobiq bosh vaziri Muhiddin Yassin iste’foga chiqishini e’lon qilgan edi.
  • Isroil hukumati dunyoda birinchi bo‘lib 40−50 yoshdagi aholi uchun koronavirusga qarshi vaksinasining uchinchi dozasini ma’qulladi. Avgust oyi boshida mamlakat 50−60 yoshdagi aholini emlashda uchinchi dozadan foydalanishga ruxsat bergan edi. Taxminan 9,3 mln aholisi bo‘lgan Isroilda 5,4 mlndan ortiq odam ikkita doza bilan, 1,3 mlni esa uchta doza bilan emlangan, deya xabar beradi Associated Press.