Ayni vaqt davom etayotgan prezident va ishbilarmonlar muloqotida Shavkat Mirziyoyev soliq idoralari qo‘llayotgan ayrim jarimalar soni va miqdorining ortgani uni xavotirga solayotganini ta’kidladi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“O‘tgan yili kameral nazorati natijasida 336 ta korxonaga 51 milliard so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan bo‘lsa, joriy yil 6 oyda 3 mingdan ziyod tadbirkorlarga 900 milliard so‘mdan ortiq jarima belgilangan. Shuning uchun, [Jamshid] Qo‘chqorov (Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri — tahr), [Timur] Ishmetov (Moliya vaziri — tahr), [Sherzod] Qudbiyev (Davlat soliq qo‘mitasi raisi — tahr), [Ruslanbek] Davletov (Adliya vaziri — tahr), [Dilmurod] Qosimov (Biznes-Ombudsman — tahr) bir oy muddatda, soliq idoralarining kameral nazorati natijasiga ko‘ra, moliyaviy jarima qo‘llash amaliyotini bekor qilish bo‘yicha taklif kiritsin”, — dedi u.

Shundan kelib chiqib, soliq ma’murchiligini soddalashtirish, soliq idoralarining nazorat funksiyalarini takomillashtirish yuzasidan, jiddiy choralarni amalga oshirish zarurligi aytildi.

“Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, soliq idoralari o‘z elektron dasturlari orqali, biznes subyektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yo‘lga qo‘yadi”, — dedi prezident.

Hozirda, 228 mingta kichiktadbirkorlarda buxgalter yo‘q. Oqibatda, soliq hisobotlarini kamchiliklar bilan topshirgan 32 mingga yaqin tadbirkorga moliyaviy jarima solingan.

“Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bog‘liq moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi esa, to‘liq bekor qilinadi”, — dedi davlat rahbari.

Avvalroq, prezident ishbilarmonlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq ekanligini ma’lum qilgan edi. “Banklarning kapitalini oshirish bo‘yicha, qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida, qo‘shimcha 600 mln dollar ajratiladi”, — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, prezident tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta — “so‘m"da va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgan edi.

Davlat rahbari hamma arzon kredit olishni xohlashini, biroq foizni sun’iy pasaytirish bozordagi muvozanatga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab o‘tgan.