Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta — “so‘m"da va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Bundan buyon, Hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablag‘lar hisobidan, banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yil 1 oktyabrdan boshlab, ilgari 1 mln dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 mlrd dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan, milliy valyutaga o‘tkazib beriladi", dedi prezident.

Ta’kidlanishicha, yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobiga, tijorat banklarida har yili o‘rtacha 30−40 trln so‘mlik milliy valyutadagi, uzoq muddatli qo‘shimcha resurslar shakllanadi.

Avvalroq, prezident ishbilarmonlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq ekanligini ma’lum qilgan edi. “Banklarning kapitalini oshirish bo‘yicha, qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida, qo‘shimcha 600 mln dollar ajratiladi”, — degan edi Shavkat Mirziyoyev.