Uzbekistan Airways aviakompaniyasi samolyotida avvalroq Afg‘onistondan evakuatsiya qilingan kishilar Toshkentdan Frankfurt-Maynga yetkazib qo‘yildi. Bu haqda aviatashuvchi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Yo‘lovchilar soni 200 nafardan ko‘proq edi — Germaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, payshanba kunining ikkinchi yarmida harbiy samolyotda Kobuldan 311 kishini olib kelishning uddasidan chiqilgan. Shunday qilib, Toshkent orqali evakuatsiya qilinganlarning umumiy soni 900 nafardan oshdi.

Foto: twitter.com/BMVg_Bundeswehr

«O‘zbekiston o‘z tashabbusi bilan chiqdi — [evakuatsiya qilinganlarga] barcha zarur yordam ko‘rsatildi va ular [mamlakat] hukumati tomonidan taqdim etilgan samolyotda Germaniyaga, Frankfurt shahriga uchib ketishadi», — deyiladi «O‘zbekiston 24» telekanali reportajida. Samolyot GFRning Toshkentdagi elchixonasi so‘rovi bo‘yicha taqdim etildi.

Bungacha evakuatsiya qilinganlar faqatgina Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi samolyotlarida tashilayotgan edi.

«O‘zbek xalqiga rahmat, bizni qiyin vaziyatda tashlab qo‘ymadingiz. Bizni juda xursandchilik bilan kutib olishdi, oziq-ovqat bilan ta’minlashdi, tibbiy yordam ko‘rsatishdi, — dedi evakuatsiya qilinganlardan biri telekanal muxbiriga. — Biz Vatanimizni juda og‘ir vaqtda tark etdik. Biz Germaniyaga uchamiz, biroq o‘zbek xalqining og‘ir kunlarimizda qo‘llab-quvvatlaganini hech qachon unutmaymiz».

«Toshkent aeroporti tranzit rejimida bo‘lgani sababli Afg‘onistondan kelgan yo‘lovchilarga hudud bo‘ylab harakatlanishga ruxsat berilmaydi. Evakuatsiya qilinganlardan hech biri shaharga chiqmaydi, hozircha Germaniya tomoni ularni Toshkentdan amalga oshiriladigan yo‘lovchi reyslariga olayotgani yo‘q», — deyiladi reportajda.

Kobul va Toshkent o‘rtasidagi havo ko‘prigi orqali evakuatsiya ishlari Afg‘onistondagi vaziyat barqarorlashgunga qadar davom etadi.