Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi iyul yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida talabning pasayishini qayd etdi. Bu haqda markaz «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Iyul oyida O‘zbekistonda 18,1 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari tuzildi, bu 2020 yilning mos davriga (16,1 ming) nisbatan 12,5%ga ko‘pdir. Shu bilan birga, joriy yilning iyun oyiga nisbatan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 16%ga kamaydi.

Hududlar bo‘yicha joriy yilning iyun oyiga nisbatan barcha hududlarda talabning pasayishi kuzatildi. Eng yuqori pasayish sur’atlari Buxoro (27,3%), Namangan (22,1%), Qashqadaryo (20,7%), Navoiy (18,1%), Samarqand (17,8%) viloyatlarida qayd etildi.


Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni o‘zgarishi indeksi.

Markazning qayd etishicha, joriy yil iyul oyi ko‘rsatkichlarini o‘tgan yilning iyul oyi bilan taqqoslash unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmaydi, chunki 2020 yil iyul oyi lokdaun holati joriy etilgan edi.

Ko‘chmas mulk bozorida bitimlar soni kamayishining asosiy sabablari — epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi bo‘lib, buning natijasida potensial xaridorlar hozirgi bozor sharoitlarida bitimlar tuzishni foydasiz hisoblab, noaniqliklar tarqalishini kutishadi.

Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, karantin cheklovlari butun mamlakat bo‘ylab amal qilmoqda, bu ham iqtisodiyotga bosim o‘tkazishda davom etmoqda. Bu markaz tomonidan o‘tkazilgan parallel tadqiqotda ham qayd etilgan, xususan kichik va o‘rta biznes vakillarining 17 foizi pandemiyaning tovarlar/xizmatlarga bo‘lgan talabga salbiy ta’sirini qayd etgan.

Ko‘chmas mulk bozorida talabning sezilarli darajada pasayishiga sabab bo‘lgan boshqa omillar orasida aholiga berilgan ipoteka kreditlari sonining kamayishi ham bor.


O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning iyul oyida ipoteka kreditlari soni 2020 yilning mos davriga nisbatan 4,3%ga kamaygan. Iyun oyida esa pasayish 53% ni tashkil etdi.

Umuman olganda, 2021 yil 7 oyida berilgan ipoteka kreditlari soni o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslanganda 19,2 foizga kamaydi.

Kuzga borib, ta’til mavsumining tugashi hamda faol ish mavsumining boshlanishi bilan ko‘chmas mulk bozorida talabning oshishi kutilishi mumkin, deb hisoblaydi markaz. Shuningdek, ommaviy emlash ham talabni tiklanishiga yordam beradi.

Avvalroq «Gazeta.uz» Markaziy bank ma’lumotlariga tayangan holda 2021 yilning birinchi yarmida ipoteka bozoradiga vaziyat haqida yozgan edi.