Polsha Harbiy-havo kuchlarining Lockheed C-130H Hercules harbiy samolyoti 18 avgust kuni 50 kishini Afg‘onistondan O‘zbekistonga olib keldi, deya xabar qildi PAP nashri Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Marsin Pshidachga tayangan holda.

Evakutsiya qilinganlar orasida Polsha fuqarolari hamda mamlakatning Afg‘onistondagi davlat muassasalari va diplomatik missiyalari faoliyatida ishtirok etgan, hamkorlik qilgan boshqalar bor.

Evakuatsiyadan avval Polsha TIV rahbari o‘rinbosari Marsin Pshidach O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilovga fuqarolarni evakuatsiya qilishda ko‘mak ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilgan.

Navoiyda Polshaning LOT fuqaro aviatsiyasiga tegishli Boeing 787 yo‘lovchi samolyoti evakuatsiya qilingan fuqarolarni Navoiy aeroportidan Polshaga olib ketdi. Mamlakat bosh vaziri Mateush Moravetskiy navbatdagi transport Kobulda qolgan odamlarni olib kelishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Polsha qochqinlarni evakuatsiya qilishda YeI va NATOga yordam berish istagida.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston Afg‘onistondan mamlakat fuqarolari va himoyaga muhtoj bir qancha afg‘onlarni evakuatsiya qilish ishlarida Germaniyaga ko‘mak ko‘rsatmoqda. Odamlarni Kobuldan Toshkentga Bundesver harbiy samolyotlari olib kelmoqda, shundan so‘ng mahalliy yo‘nalishlar aeroportida ular Lufthansa va Uzbekistan Airways aviakompaniyalari yo‘lovchi laynerlariga ko‘chirilmoqda.