19 avgust kuni Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Markaziy bank tomonidan yangi ko‘rinishdagi 5 000 (besh ming) so‘mlik va 10 000 (o‘n ming) co‘mlik banknotlarning chiqarilishi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

«Gazeta.uz»ga Markaziy Bank matbuot xizmati ma’lum qilishicha, banknotlarning yangi dizayni regulyator tomonidan ishlab chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, 5000 so‘mlik banknota 2013 yilning 1 iyulidan, 10 000 so‘mlik esa 2017 yilning 10 martidan muomalaga kiritilgan.


Qiymati 5000 so‘m bo‘lgan pul biletlari 144×78 mm. o‘lchamdagi himoyalangan qog‘ozda tayyorlangan. Banknotning markazida «Oliy Majlis» me’moriy binosi, bino gumbazining tepasida O‘zbekiston Respublikasining rangli bayrog‘i tasvirlangan.


10 000 so‘mlik pul belgilari 144×78 mm. o‘lchamdagi himoyalangan qog‘ozda tayyorlangan.

Oq rangli sathning chap tarafidan qog‘oz qatlamida «Darcha» va «3D» effektli yuzaga chiqib, ichkariga botuvchi himoya ipi o‘tkazilgan. Banknotning markazida «Senat» me’moriy binosi tasvirlangan.