Qo‘qon shahar hokimining birinchi o‘rinbosari A.N. jinoyat ustida qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda «Xabar.uz».

DXX matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ushbu xabarni tasdiqladi.

Xabarda ko‘rsatilgan bosh harflar va lavozimga qaraganda, gap hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i Abduxaliljon Nurmatov haqida ketmoqda.

Qayd etilishicha, u Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli moliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari O.M. bilan birga ushlangan.

Ikki mansabdor jinoiy til biriktirib, bir tadbirkorga mazkur temir yo‘l uzeli balansida bo‘lgan 2,5 gektar yer maydonidagi bino va inshootlar bo‘yicha o‘tkaziladigan auksion savdolarda uning foydasiga qaror chiqartirib berish evaziga 180 ming dollar talab qilgani aytilmoqda. Ular ushbu mablag‘dan 10 ming dollarini olayotganida tegishli organlarning tezkor xodimlari tomonidan ushlangan.

Ayni paytda ularga nisbatan firibgarlik va pora berishga qasd qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

«Gazeta.uz» hozircha Bosh prokuraturadan izoh ololmadi.