Respublika maxsus komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning saylovoldi jarayonlarda faol ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish, ushbu muhim siyosiy jarayonda siyosiy partiyalarning qonun bilan kafolatlangan saylovoldi tadbirlarini amalga oshirishlarini ta’minlash bilan bog‘liq ayrim masalalar ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Saylov kodeksiga muvofiq, O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali tashviqot olib borish huquqi ta’minlanadi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar nomzodlar va siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi.

Komissiyaning qarori bilan respublikada faoliyat ko‘rsatuvchi siyosiy partiyalarning O‘zbekiston prezidenti saylovi kampaniyasini «yuqori saviyada xalqaro standartlarga mos ravishda o‘tkazish maqsadida» saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi, deyiladi xabarda.

Bunda siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishda ishtirokchilar o‘rtasida ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish, antiseptik vositalardan foydalanishga rioya etish kabi sanitariya-gigiyena va karantin talablariga rioya etishga hamda uchrashuvlarga taklif etilayotgan fuqarolarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganligiga e’tibor qaratish tavsiya etildi, deya ta’kidladi SSV.

23 iyul kuni 2021 yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti sayloviga start berilib, saylov kampaniyasi boshlanishi rasman e’lon qilingan.