Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Sergeli tuman bo‘limi xodimlari bank nazoratchi-kassiri valyuta ayriboshlash shahobchasidan 32 500 AQSh dollarini o‘zlashtirganini aniqladi.

«O‘zsanoatqurilishbank» ATB murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bankning Sergeli filiali qoshidagi «O‘zgarish bank xizmatlari markazi» nazoratchi-kassiri Yu.N. va bosh mutaxassisi M.Sh.lar shu yilning 14−17 iyul kunlari markazning valyuta ayriboshlash shahobchasidan o‘zlariga ishonib topshirilgan 32 500 dollarni olishgani va o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilishgani aytilmoqda.

«Shuningdek, Yu.N. o‘zlashtirgan mablag‘larining bir qismini „Lacetti“ rusumli avtotransport vositasini sotib olish hamda yashash xonadonini ta’mirlash ishlariga sarflab, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarini legallashtirgan», — deyiladi xabarda.

Ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.