Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatni tark etganini «qon to‘kilishini oldini olish zarurati» bilan izohladi. Bu haqda u chorshanba kuni Facebook`dagi videomurojaatida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.

U hozirda Birlashgan Arab Amirliklarida ekanini tasdiqladi. «Men Kobulni tark etishga majbur bo‘ldim, poytaxtda qon to‘kilishining sababchisi bo‘lishni xohlamadim», — deya ta’kidlab, «uni qidirishgani» haqida aytdi.

«Soqchilar toliblar poytaxtga kirgani va to‘ntarishga o‘xshagan bir nima bo‘lgani haqida aytganida men saroyda edim», — dedi G‘ani.

G‘ani o‘zini xoin deb hisoblamasligini ta’kidladi. «Men o‘z Vatanimga xiyonat qilmaganman va hammadan mish-mishlarga e’tibor bermaslikni so‘rayman, biz Kobulga tinchlik tiladik va uning yo‘q qilinishini xohlamadik. Umid qilamanki, Afg‘onistondagi urush yakun topadi. Bu muvaffaqiyatsizlik uchun bizning qurolli kuchlar javobgar emas, bu butunlay siyosatchilar zimmasida», — dedi u.

Shuningdek, u «Tolibon» bilan Kobul xavfsizligini ta’minlash va hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borganini qayd etdi.

G‘ani tez orada mamlakatga qaytishga va’da berdi.

«Men [Birlashgan Arab] Amirliklaridaman, lekin yaqin kelajakda o‘z Vatanimga qaytaman», — deya, qaytishdan oldin «boshqalar bilan maslahatlashayotganini» aytdi. Ashraf G‘ani «Afg‘onistonda adolatga erishish uchun» harakatlarini davom ettirishini ta’kidlab, afg‘onlar manfaati uchun kurashmoqchi ekanini ma’lum qildi.

G‘ani, shuningdek, katta miqdordagi pulni mamlakatdan olib chiqib ketgani haqidagi xabarlarni asossiz deb atadi.

Eslatib o‘tamiz, 15 avgust kuni «Tolibon» harakati a’zolari Qobulga kirishi bilan Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va uning eng yaqin yordamchilari mamlakatni tark etgan edi. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hududida Afg‘oniston etnik guruhlarining ayrim shaxslari va yetakchilari borligi haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Keyinroq O‘zbekiston TIVga tegishli bo‘lgan «Dunyo» axborot agentligi O‘zbekistonda Afg‘oniston etnik guruhlarining arboblari va yetakchilari yo‘qligi haqida ma’lum qilgan.

Chorshanba kuni esa BAA Tashqi ishlar vazirligi Ashraf G‘ani oilasi bilan Birlashgan Arab Amirliklarida ekanligi haqida xabar bergan.