Vazirlar Mahkamasining «Rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi o‘tgan yilning 9−24 dekabr kunlari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilgan edi.

Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishcha, muhokamadan keyingi davr mobaynida hujjat yanada takomillashtirilgan va ko‘plab o‘zgartishlar kiritilgan. Unga ko‘ra, tez kunlarda apostilni elektron tarzda olish va tekshirish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, elektron apostil tizimi chet el mamlakatlarida 2006 yildan joriy etila boshlangan. Apostil bilan xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiyaning (Gaaga, 1961 yil 5 oktyabr) a’zosi bo‘lgan davlatlarning barchasi elektron apostil qo‘yilgan rasmiy hujjatni tan olishga majburdir.

Xalqaro hususiy huquqning Gaaga Konferensiyasi tomonidan belgilangan qoidalarga ko‘ra, vakolatli organlar elektron apostil tizimini joriy etmasdan, elektron hujjatlarga an’anaviy tarzda apostil qo‘yilishi man etiladi. Bu esa dunyo bo‘ylab elektron apostil tizimi rivojlanishiga turtki bo‘ldi.

Rasmiy hujjatlarga elektron tarzda «Apostille» maxsus shtampini qo‘yish tartibi AQSh, Buyuk Britaniya, Avstriya, Belgiya, Koreya, Gruziya, Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Rossiya kabi mamlakatlarda joriy etilgan.

Gaaga Konferensiyasi tomonidan Elektron apostil modeli asosida bo‘lgan ba’zi texnik jihatlari to‘g‘risidagi Memorandum imzolangan (2017 yil 18 apreldagi 18-son hujjati). Unga ko‘ra, Konvensiyaning a’zosi bo‘lgan davlatlarning barchasida elektron apostil tizimi mazkur Memorandumda belgilangan qoidalar asosida joriy etilishi lozim.

140 mamlakat a’zo bo‘lgan Gaaga Konvensiyasiga asosan bugungi kunda 41 davlatda E-register tizimi orqali Apostil qo‘yilgan hujjatlarni tekshirish, 19 davlatda E-App dasturi orqali Apostilni elektron ko‘rinishda qo‘yish imkoniyati yaratilgan.

MDH davlatlari orasida Tojikistonda elektron apostil tizimi 2016 yilda joriy etilgan. Rossiyada esa E-register tizimi 2014 yildan beri muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda.

O‘zbekiston mazkur Gaaga Konvensiyasiga 2011 yilning 25 martida a’zo bo‘lgan. Biroq, hozirga qadar mamlakatda apostil qog‘oz shaklda berib kelinmoqda.

Amaldagi muammolar

DXA matbuot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, ushbu qaror loyihasini ishlab chiqishga amaldagi tartib bilan yuzaga kelayotgan bir qancha muammolar sabab bo‘lgan.

1. Apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmati Tashqi ishlar vazirligi, hududiy adliya boshqarmalari, Oliy sud, Bosh prokuratura va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan an’anaviy tarzda (qog‘oz shaklda) ko‘rsatib kelinmoqda. Davlat xizmatidan foydalanish uchun fuqaro Toshkentga, adliya organlaridan chiqadigan hujjatlar uchun esa — viloyat markazlariga bir necha marta qatnashiga to‘g‘ri keladi.

2. Hozirda, butun respublika bo‘yicha apostil qo‘yilgan hujjatlarning yagona reyestrini (elektron ma’lumotlar bazasini) yuritish imkoniyati mavjud emas. Har bir tashkilot o‘ziga kelib tushgan rasmiy hujjatlarga qo‘yilgan apostillar reyestrini (jurnalini) yuritib kelmoqda.

3. Apostil qo‘yish bo‘yicha ariza 5 ish kunidan 20 ish kunigacha bo‘lgan muddatlarda ko‘rib chiqilmoqda.

4. Qo‘yilgan apostillarning haqiqiyligini Internet orqali onlayn tekshirish imkoniyati yaratilmagan bo‘lib, faqatgina vakolatli organga murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.


Yangi tartib bilan kiritilayotgan o‘zgartishlar

Loyihaga muvofiq, ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan dasturiy ta’minot o‘z ichiga quyidagi komponentlarni jamlashi rejalashtirilgan:

  • Hujjatlarning Repozitoriysi;
  • Imzo, muhr va shtamplar bazasi;
  • Elektron raqamli imzo xizmati;
  • Ichki/Tashqi kiruvchi xatlarning reyestri;
  • Tasdiqlash kodini generatsiya qilish xizmati;
  • E-Register komponenti;
  • E-Apostille komponenti.

Mazkur tartibni xalqaro tajribaga muvofiqlashtirish maqsadida DXA tomonidan ishlab chiqilgan Hukumat qarori loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan rasmiy hujjatlarga vakolatli organlar tomonidan an’anaviy tarzda apostil qo‘yish tartibini saqlab qolgan holda elektron tarzda «Apostille» maxsus shtampini qo‘yish tartibi joriy etilmoqda.

Bunda ushbu davlat xizmati DXM yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ko‘rsatiladi.

Rasmiy hujjatdagi mansabdor shaxs imzosi va hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izining haqiqiyligi «E-App» (Electronic Apostille Programm) dasturi orqali avtomatik tarzda tekshiriladi.

Hujjatdagi ma’lumotlar haqiqiyligi tekshirilganidan so‘ng arizachiga apostil qo‘yilgan rasmiy hujjat elektron tarzda yuboriladi.

Rasmiy hujjatga qo‘yilgan elektron tarzdagi apostil haqidagi ma’lumotlar «E-register» dasturida jamlanishi hamda apostilning haqiqiyligi mazkur dastur orqali tekshiriladi.

Ikkinchidan, rasmiy hujjatlarga apostilni qo‘yish bo‘yicha so‘rovnomani vakolatli idoralar tomonidan ko‘rib chiqish muddati 5 ish kunidan 2 ish kuniga, agar mansabdor shaxsning imzo qo‘yish vakolatini tasdiqlash va (yoki) muhr yoki shtamp bosma izi namunasini talab qilish zarur bo‘lsa ushbu muddat 20 ish kunidan 10 ish kuniga qisqartirilmoqda.

Uchinchidan, DXA zimmasiga mazkur davlat xizmatini ko‘rsatishni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi «E-App» va «E-register» dasturlarini ishga tushirish vazifasi yuklatilmoqda.

«E-App» va «E-register» dasturlari samarali ishlashini ta’minlash maqsadida Apostil qo‘yish vakolatiga ega bo‘lgan organlar esa ushbu ma’lumotlarni «E-App» dasturiga kiritadi va doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlaydi.