«Tolibon» harakatining rasmiy vakili Zabihullo Mujohid seshanba kuni Kobulda toliblar Afg‘oniston hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng birinchi to‘laqonli matbuot anjumanini o‘tkazdi. Jurnalistlar bilan uchrashuv matni Al Jazeera saytida ingliz tilida e’lon qilingan.

«Tolibon» harakatining muhim bayonotlari va va’dalari:

«Afg‘oniston endi mojaro maydoni emas. Bizga qarshi jang qilganlarning barchasini afv qildik. Biz mojaroni qaytarmoqchi emasmiz. <...> Dushmanlik nihoyasiga yetdi, biz tinchlikda yashamoqchimiz. Bizga ichki va tashqi dushmanlar kerak emas«

«Tez orada yakuniga yetadigan maslahatlashuvlardan so‘ng biz kuchli islomiy va inklyuziv hukumat shakllanishining guvohi bo‘lamiz»

«Elchixonalar joylashgan hududlarda to‘liq xavfsizlik ta’minlanadi. Bizning kuchlarimiz u yerda sutkasiga 24 soat bo‘lib turishibdi»

«Xalqaro hamjamiyatni, shu jumladan AQShni ham, Afg‘onistonda hech kim jabr ko‘rmasligiga ishontirmoqchiman. Qo‘shnilarimizni, mintaqa davlatlarini bizning hududimizdan kimgadir qarshi, har qanday mamlakatga qarshi foydalanishga yo‘l qo‘ymasligimizga ishontirmoqchiman«

«Biz xalqaro chegaralarni va o‘zaro munosabatlarni tan olamiz. Bizga ham shunga loyiq munosabatda bo‘lish lozim. Biz xalqaro hamjamiyat bilan hech qanday muammolarimiz bo‘lishini xohlamaymiz, biz o‘z dinimiz, madaniyatimiz tamoyillariga asosan harakat qilishni xohlaymiz, biz ko‘p qurbonliklar keltirdik»

«Islom Amirligi shariat doirasida ayollar huquqlariga rioya qilish tarafdori. <...> Ular turli sektorlar va sohalarda faoliyat olib borishlari mumkin: ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalar. <...> Biz xalqaro hamjamiyatni ayollarga nisbatan hech qanday kamsitish bo‘lmasligiga ishontirmoqchimiz, lekin, albatta, o‘rnatilgan tartib doirasida. Bizning ayollarimiz — musulmon ayollari. Ular ham shariat doirasida yashashdan baxtiyor bo‘lishadi».

«Afg‘onistondagi mojaro yakuniga yetishi bilanoq, biz iqtisodiyot infratuzilmasini qurishni boshlaymiz degan umiddamiz. Buning uchun biz iqtisodiy faoliyatni jonlantirish bo‘yicha choralar ko‘rmoqchimiz. Xalqaro hamjamiyat, boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlar davom etadi»

«Xususiy OAV erkin va mustaqilligicha qolishlari mumkin, ular o‘z ishini davom ettirishlari mumkin, lekin ba’zi talablarga rioya qilishlari kerak. Islomiy qadriyatlarni e’tiborga olish lozim <...> OAV milliy qadriyatlar, milliy birlikka qarshi ishlamasligi kerak»

«Bizning mamlakatimiz — musulmon mamlakati, 20 yil oldin ham shunday bo‘lgan, hozir ham. Lekin agar tajriba, yetuklik va uzoqni o‘ylash haqida gap ketadigan bo‘lsa, albatta, 20 yil oldingi holat bilan bizning o‘rtamizda katta farq mavjud. Biz boshqacha harakat qilamiz»

«Barcha chegaralar bizning nazoratimizda. Hech qanday qurol-aslahalar kontrabandasi holatlari bo‘lmaydi. Harbiy harakatlarda ishlatiladigan barcha qurollar ro‘yxatga olinadi»

«Biz narkotik ishlab chiqarmaymiz. Hech kim narkotik kontrabandasi bilan shug‘ullana olmaydi. <...> Bundan buyon Afg‘oniston narkotiklardan holi mamlakat bo‘ladi, lekin bunga xalqaro yordam talab qilinadi. Biz boshqa ekinlarni o‘stira olishimiz uchun xalqaro hamjamiyat bizga yordam berishi kerak».