Qashqadaryoda sportchi Elbek Rahimov o‘ldirib ketilgani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 7 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, ulardan 6 nafari protsessual tartibda ushlangandi.

Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 17 avgust kuni soat 10:00 larda Qarshi shahrida yashovchi E.R. ni ko‘p qavatli uyidan chiqishini kutib turib, E.R. ko‘chaga chiqqanidan keyin yetti nafar sovuq qurollar bilan qurollangan shaxslar uni bosh, yuz, ko‘krak va tanasining boshqa sohalariga urgan. Ular E.R. ga og‘ir tan jarohati yetkazib, Gentra avtomashinasiga majburan mindirishgan.

Yetti nafar shaxs jinoiy qilmishlarini yashirish maqsadida Chiroqchi tumani Tibbiyot birlashmasiga olib borib tashlab ketishgan. Natijada E.R. shu kuni shifoxonada vafot etgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv surishtiruv tadbirlari natijasida shu kunning o‘zida jinoyatga aloqador Qarshi shahri va Qarshi tumanida yashovchi fuqarolar Sh. T., J.A., O.R., Ya.Ya., Sh. Z. va E.A. ushlangan.

Holat yuzasidan Qarshi shahar prokurori tomonidan Z.B. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l, p” bandlari (qasddan odam o‘ldirish bezorilik oqibatida; bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Sh. T., J.A., O.R., Ya.Ya., Sh. Z. va E.A. lar gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilindi hamda himoyachi bilan ta’minlanib, JPKning 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) tartibida ushlandi.

Holat yuzasidan qo‘shimcha ravishda ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.