10 avgust kuni soat 21:10 larda, Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahar, Mustaqillik ko‘chasida joylashgan «Davlat xizmatlari agentligi» binosi ro‘parasida sodir bo‘lgan YTHda 9 oylik bola halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda YHXBB matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, haydovchi F.E. Nexia rusumli avtomobilda harakatlanayotib, tartibga solinmagan (yo‘l belgilari va chiziqlari bilan belgilangan) piyodalar o‘tish joyidan onasi bilan o‘tayotgan, bolalar aravachasida bo‘lgan, 2020 yil noyabr oyida tug‘ilgan U.J.ni urib yuborgan.

Voyaga yetmagan U.J. og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etgan.

Haydovchi F.E.ga nisbatan Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.