O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Ichki afg‘on kuchlarining inklyuziv hukumat shakllantirishga tayyorligi haqidagi bayonotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz, deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni Dohadagi afg‘onlararo muzokaralar doirasida keng ko‘lamli tinchlikka erishilishiga va mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlarini inobatga olgan holda, umumiy konsensus asosida tinch yo‘l bilan amalga oshirilishiga umid bildirmoqda.

«Ishonchimiz komil, vaziyatning bu yo‘nalishda rivojlanishi milliy kelishuvga erishishga olib keladi hamda kuchli va layoqatli davlatni shakllantirish uchun sharoit yaratadi», — deyiladi bayonot matnida.

«O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashga va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga sodiqligini qat’iy bildiradi», — deya ta’kidlandi TIV bayonotida.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda O‘zbekistonning Kobul va Mozori Sharifdagi diplomatik vakolatxonalari odatdagi tartibda ishlamoqda.

TIV shuningdek, O‘zbekiston tomoni chegara himoyasini ta’minlash va chegara hududida tinchlikni saqlash masalalari bo‘yicha «Tolibon» harakati vakillari bilan yaqin aloqada bo‘lib turganini ma’lum qildi.

«Shuni qat’iy ma’lum qilamizki, O‘zbekiston davlat chegarasini buzishga bo‘lgan har qanday urinishlar milliy qonunchilikka muvofiq keskin ravishda bartaraf etiladi», — deya qo‘shimcha qildi vazirlik.