Dunyo axborot agentligining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda Afg‘oniston etnik guruhlarining arboblari va yetakchilari yo‘q.

So‘nggi paytlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hududida Afg‘oniston etnik guruhlarining ayrim shaxslari va yetakchilari borligi haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

«Xususan, Ashraf G‘ani, Abdul-rashid Do‘stum, Ato Muhammad Nur va boshqalarning ismlari tilga olinadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bunday axborotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deyiladi xabarda.

Oldinroq Afg‘onistonning harbiy va siyosiy arbobi, asl kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan marshal Abdul-Rashid Do‘stum 14 avgust kuni o‘zbek-afg‘on chegarasini kesib o‘tganligi va hozirda O‘zbekiston hududida ekanligi haqida ma’lumot berilgan edi. Bu haqda Reuters va «RIA Novosti» xabar tarqatdi. TASS agentligi mahalliy jurnalistga tayanib, ayni vaqt Do‘stum Termezda ekanligini yozmoqda. Mazkur xabarni «Gazeta.uz»ga Surxondaryo viloyatidagi manbasi ham tasdiqlagan edi.