Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida viloyatlarga safari payti «marshrut»ni to‘satdan o‘zgartirishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Men Prezident sifatida ish boshlagan birinchi kunlardanoq o‘z komandamni haqiqiy holatga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan balandparvoz gaplar va „chiroyli“ raqamlarni yoqtirmasligimni aytib, qattiq ogohlantirganman. Qanchalik achchiq va noqulay bo‘lmasin, men faqat to‘g‘ri va haqqoniy ma’lumotni bilishni istayman. Bu men uchun to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga yordam beradi», — dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu talabni hamma ham tushunib yetgani yo‘q, haliyam eskicha usulda ma’lumot berishga urinishlar bo‘lib turadi.

«Lekin men bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilaman. Ana shu haqiqatni tushunmaganlarning ko‘pchiligi bilan xayrlashdik va bu masalada talab doimo qattiq bo‘ladi. Xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari, jamiyatimizning kelajagi, farzandlarimizning baxtini ta’minlashga qaratilgan bugungi islohot jarayonlarining o‘zi shuni talab etmoqda. Bu borada boshqacha yo‘l tutishga haqqimiz yo‘q», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev bu talabni tushunmagan rahbarlar va amaldorlarning ishdan olinishini aytib o‘tdi.

«Mening mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshiradigan har bir tashrifimdan asosiy maqsad — xalq qanday yashayotgani, nima bilan nafas olayotganini bilishdan iborat. Shuning uchun ko‘p hollarda safar davomida yo‘nalishni to‘satdan o‘zgartirishimga to‘g‘ri keladi. Bunday kutilmagan, hech qanday protokolda qayd etilmagan «marshrut"lar joylardagi rahbarlarni bo‘shashmasdan, doimo ishchan holatda turishga o‘rgatadi, deb o‘ylayman», — dedi prezident.

Davlat rahbarining qayd etishicha, uning ogohlantirishiga qaramasdan, joylarda faqat prezidentning tashrifi oldidan ko‘cha va maydonlarni tozalash, bir kechada binolar oldida «maysazor» va «gulzor"lar paydo qilish, umuman, haqiqiy holatni bo‘yab ko‘rsatishdek xo‘jako‘rsin ishlar davom etmoqda.

«Ko‘zbo‘yamachilik, odamlarni qiynash, soxta va balandparvoz gaplarga o‘chlik yillar davomida ba’zi rahbarlarning qon-qoniga shu qadar singib ketgan ekanki, ulardan qutulish qiyin bo‘lyapti. Lekin qanday bo‘lmasin, bu kabi illatlarga butunlay chek qo‘yishimiz kerak. Chunki bunday holatlar rostgo‘y, soxta gap va ishni umuman qabul qilmaydigan xalqimizning asl tabiatiga mutlaqo yotdir», — deya qo‘shimcha qiladi Shavkat Mirziyoyev.

Uning ta’kidlashicha, mahalliy hokimiyat idoralarining ishi prezident kelib ketishi bilan tugamasdan, aksincha, tashrifdan keyin yangitdan boshlanishi, hatto oldingidan ham ko‘payishi lozim.

«Shundagina ishimizda sur’at va sifat bo‘ladi, natija uchun ishlashga o‘rganamiz. Ilgari hokimlar tashrifdan tashrifgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida bamaylixotir, ta’bir joiz bo‘lsa, yallo qilib yurardi, endi esa ular o‘z oldiga aniq maqsad va vazifa qo‘yib, xalq bilan maslahat asosida astoydil ishlamoqda. Chunki ular biladi: Prezident kelgusi safar albatta har bir masala bo‘yicha aniq natijani so‘raydi», — deydi u.

Shavkat Mirziyoyev taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni tezkor hal qilishda vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish, vazifa va vakolatlarini aniq belgilash, shuningdek, ularning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish zarur deb hisoblaydi.

Shu maqsadda maxsus qaror ham qabul qilindi. Yuqorida aytib o‘tilgan toifaga mansub rahbarlarning o‘rinbosarlari prezident va Vazirlar Mahkamasi oldida javobgar.

«Boshqacha aytganda, turli bo‘g‘indagi rahbar o‘rinbosarlari o‘z boshlig‘ining soyasida yuradigan vaqt o‘tdi. Endi ular ham aniq vazifalar uchun javob beradi. Shaxsiy mas’uliyat va javobgarlik barcha boshqaruv idoralari xodimlari uchun bosh mezon bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qiladi Shavkat Mirziyoyev.