Xalqaro koalitsiya qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishidan keyin vaziyatning keskinlashuvi kutilmagan voqea bo‘lmadi. Ushbu mamlakatda so‘nggi o‘n yilliklar davomida yagona davlatchilik mavjud emas edi, uning hududlari turli xil kuchlar tasarrufida bo‘lib, bo‘linib ketgan edi. Shuning uchun afg‘on davlatchiligining to‘laqonli tanazzuli faqat vaqtni talab qilardi.

Afg‘on hukumatining tanazzulga uchrashi mahalliy media makonda «davr hodisasi» sifatida yoritilgan, iyul oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyadan roppa-rosa bir oy o‘tib sodir bo‘layotganligi qiziq tasodif. Bu Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish — u yoki bu mamlakatda tashkil etiladigan ko‘p sonli anjumanlardan ko‘ra o‘ta og‘ir va ko‘proq omillarni talab qiluvchi jarayon ekanligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi Toshkentning ayniqsa 2016 yildan keyin faollashgan afg‘on masalalari bo‘yicha tashabbuslariga katta xavf tug‘diradi. Biroq xuddi birinchi tashabbuslar mavsumiga o‘xshab, ikkinchi mavsumdagi tashabbuslar ham hozircha faqat keng miqyosli va media uchun g‘oyalar bilan to‘ldirilgan, ularni esa hamma vaqt ham amaliyotda tadbiq etib bo‘lmasligi mumkin. Ular mamlakat imidjini oshirishga yaxshi xizmat qildi, lekin hozircha ular aniq bir natijalar bergani yo‘q.

Ammo, shuni tan olish lozimki, O‘zbekistondan afg‘on masalalri bo‘yicha olamshumul natijalarga erishishni talab qilish ham mantiqqa zid. Na O‘zbekiston, na Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ushbu mamlakatdagi voqealar rivojiga ta’sir ko‘rsata olmaydi.

Shunga qaramasdan, bu mamlakat tashqi siyosatining ushbu yo‘nalishi haqida o‘ylamaslik kerak degani emas. Afg‘on omili rasmiy Toshkent mahalliy darajada ham, mintaqaviy darajada ham to‘qnash keladigan qator jiddiy xatarlarni o‘z ichiga oladi. Birinchi navbatda, xavfsizlik masalalari. Afg‘on harbiylari va fuqarolaridan iborat qochqinlar oqimi va yaqin kelajakda toliblar bilan chegaraviy aloqalarni o‘rnatish zaruriyati tug‘ilishi — bularning barchasi chegaraviy hududlarda vaziyat keskinlashuviga olib kelishi mumkin.

Rasmiy hokimiyatning qulashi so‘nggi yillarda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan barcha loyihalar (iqtisodiy, infratuzilmaviy, transport va boshqalar) bo‘yicha kelishuvlarga xavf soladi. Yurtimizdagi ijtimoiy barqarorlik ham xavf ostida qolishi mumkin. Qochqinlarning mamlakat hududiga joylashtirilishi (hozircha ehtimoliy bo‘lsa ham) har doim jamiyatda keskinlikni keltirib chiqarish xavfi bor.

Mintaqa miqyosida «Tolibon»ning hokimiyatga qaytishi Afg‘oniston Markaziy Osiyo mintaqasining bir qismi ekanligi haqidagi nazariyalarni va uni mintaqaviy jarayonlarga integratsiya qilish bo‘yicha chorlovlarni kun tartibidan butunlay chiqartirib tashlashi kerak. Afg‘onistonni mintaqaga sun’iy ravishda qo‘shish bo‘yicha harakatlar — ayniqsa ushbu g‘oyaning Markaziy Osiyo siyosiy elitalari o‘rtasida ommalashuvi holatida — shundoq ham oqsoqlanayotgan integratsiya jarayoniga salbiy ta’sir qiladi. Bundan tashqari, barqaror davlatchiligi bo‘lmagan va zo‘rg‘a tuzilgan hokimiyat institutlari tashqi kuchlar yordamisiz tezda tanazzulga uchraydigan bir parcha hududni mintaqaviy jarayonlarga jalb qilishga urinish befoyda.

Ushbu mamlakatdagi ehtimoliy gumanitar inqiroz mintaqa uchun o‘ziga xos sinov bo‘ladi, shuningdek, birdamlik ham sinovlardan o‘tadi. Afg‘on muammosi — faqatgina ushbu mamlakat bilan qo‘shni davlatlarning emas, balki butun mintaqaning muammosi ekanligini hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining xavfsizligi ularning shaxsiy chegaralarida emas, balki butun Markaziy Osiyoning Afg‘oniston bilan chegaralarida boshlanishini tushunish lozim.

Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston bo‘yicha umumiy pozitsiyani shakllantirishni o‘ylashsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Qo‘shma loyihalarni qanday qilib va qaysi sohalarda amalga oshirish bo‘yicha birgalikda qarorga kelish hamda «Markaziy Osiyo-Afg‘oniston» hamkorlik formatining asoslarini yaratish zarur. O‘z o‘rnida, Markaziy Osiyo-Afg‘oniston hamkorlik formati afg‘on hukumati (har qanday ko‘rinishdagi) faqat ayrim hududlarni emas, balki butun mamlakat hududini nazorat qilgandagina samara beradi.

Rasmiy Toshkent esa Afg‘oniston bo‘yicha siyosatini pragmatik tarzda olib borib, tashqi effektga yo‘naltirilgan g‘oyalardan voz kechishi kerak. U yoki bu siyosiy yoki etnik guruh tomonida turmasdan, jarayonlarga aralashmaslik siyosatini davom ettirish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Mamlakat Afg‘oniston bilan aloqalarda o‘z manfaatlarini maksimal ravishda aniqlab olishi va legitim maqomga ega har qanday hukumat bo‘lganda ham ularni amalga oshirishga urinishi lozim.

Ixtilofdagi tomonlardan faqat bittasiga e’tibor berish yoki turli kuchlar ziddiyatidan foydalanishga urinishlar Afg‘onistonda ittifoqdoshlarni yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, O‘zbekiston hududida muzokaralarni o‘tkazish g‘oyasi samarali tuyuladi, lekin uni bir chetga surib qo‘ygan afzal, boshqa davlat bunday darajadagi diplomatik manyovrlarni amalga oshiraversin.

Toliblar bilan muzokaralar kabi nozikroq mavzu haqida gapiradigan bo‘lsak, bunda axloqiy tomonlarni qidirish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Milliy manfaatlar va davlat xavfsizligi manfaatlari vaqti-vaqti bilan turli xil odamlar bilan gaplashish va kelishuvga erishish qobiliyatini talab qiladi. Toliblar — Afg‘oniston realligi, na qo‘shni mamlakatlar, na xalqaro hamjamiyat buni inkor eta olmaydi. Shunday ekan, ular bilan muloqot qilishga to‘g‘ri keladi — kamida, ushbu harakatning turli guruhlari ichidagi kayfiyatni o‘rganish uchun, ko‘pi bilan esa, qizil chiziqlarni belgilash va qandaydir bo‘lsa ham kafolatlar olish uchun. Umuman olganda, hozir xalqaro hamjamiyatning toliblar bilan deyarli global (qimlarga bo‘lingan bo‘lsa-da) dialogida ishtirok etayotgan barcha shu bilan shug‘ullanishga harakat qilmoqda.

So‘nggi yillarda «Tolibon» bir necha marotaba mintaqa mamlakatlariga ekspansiya qilish rejasi yo‘qligini ta’kidlagan edi. Biroq, birinchidan, mintaqa chegaralaridagi harbiy to‘qnashuv (yuzaga kelgan taqdirda) — bu har doim destabilizatsiya qiluvchi omil. Ikkinchidan, toliblarning yagona tuzilma ekanligi haqidagi gaplar shubha uyg‘otadi. Tarix bir necha marotaba ushbu harakatning turli guruhlarida bir-biridan farq qiluvchi rejalar borligini ko‘rsatgan. Uchinchidan, rejalar o‘zgarmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Qurollangan radikal olomonga to‘laqonli ishonish — juda sodda g‘oya.

Toliblarning har qanday bayonotlari va kafolatlarining ishonchli yoki ishonchli emasligini ular hokimiyatni to‘liq egallaganidan so‘ng bilamiz. Chunki faqat hokimiyatga kelibgina, toliblar mamlakatda nazoratni ushlab qolish va o‘z rejimining barqarorligini qo‘llab-quvvatlash uchun resurs qidirish kerak bo‘lgan holatga tushadi.

Faqat shundan keyingina toliblarning haqiqiy kun tartibi aniqlashadi va hozir ular muzokaralarda berayotgan va’dalarga to‘g‘ri baho berish mumkin bo‘ladi. Agarda ular o‘zining birinchi hukmronligi davridagi kabi harakat qilishga qaror qilishsa, ularning atrofidagi barchani katta muammolar kutib turibdi. Agar harakat tarkibida pragmatik fikrlaydigan vakillar bo‘lsa, ular hokimiyatni egallab, o‘zlariga xos jangovarliksiz tashqi dunyo bilan munosabatlar o‘rnatishga harakat qilishadi. Eng yomon ssenariy esa, «Tolibon» hokimiyatga kelgandan keyin harakat ichidagi guruhlarning bir-biriga qarshi to‘qnashuvlari boshlanib ketib, bu mamlakatda «barcha barchaga qarshi» tamoyilidagi urushga olib kelishi.

Hozircha Afg‘oniston davlat sifatida qanday rivojlanishi noaniq. Bu nafaqat jang maydonida, balki mamlakatdagi siyosiy guruhlarning tashqi rahnamolari o‘rtasidagi muzokaralar jarayonida, shuningdek jarayonlarga tashqi aralashuvning, shu jumladan harbiy, faollik darajasi bilan ham belgilanadi.

Amerikaliklar va xalqaro koalitsiya afg‘on armiyasini yaxshi tayyorlamaganmi yoki armiya mashqlarni shunchaki o‘zlashtirmaganmi — bu endi muhim emas. Afg‘onistonda o‘tirish rasmiy Vashingtonning joniga tekkanligi aniq, va endi u yerda ro‘y beradigan barcha hodisalar xalqaro hamjamiyatning jim roziligi (yoki platonik e’tirozi) bilan ro‘y beradi.

Shuning uchun O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari oldida qiyin diplomatik manyovrlarni amalga oshirish vazifasi turibdi. Bir tomondan, Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi natijasida mintaqa tanazzulga yuz tutishi haqida gapiradigan axborot xurujlariga ishonib qolmaslik kerak. Ikkinchi tomondan esa, iloji boricha oqilona va aniq, amalga oshirsa bo‘ladigan (!) iqtisodiy loyihalarga yo‘naltirilgan siyosat yuritish, shuningdek faqatgina piar maqsadida yechimi uchun na siyosiy, na moliyaviy manbalar bo‘lmagan masalalarga aralashishdan tiyilish kerak.

Va eng asosiysi, toliblar bilan dialog olib borganda, jamoatchilikka ushbu chora majburiy ekanligi hamda bu ularning mafkurasini va jamiyatni boshqarish uslublarini ommalashtirish uchun sabab bo‘lmasligi haqida aniq tushuncha berish kerak. Butun mintaqa uchun toliblarning Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelishi emas, balki jamiyat ongining «tolibonlashuvi» va ularning uzoq yillardan beri o‘z xalqini terror qilayotgan ekstremistlardan adolatli va oqilona jamiyat tuzishga intilayotgan qahramonlarga aylantirilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘diradi.

Yuriy Saruxanyan — Xalqaro munosabatlar sohasi bo‘yicha mutaxassis. «Seriya penalti» Telegram-kanali muallifi.