26 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi Jahongir Otajonovga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik ishini ko‘rib chiqdi.

Iyun oxirida san’atkor YHXB xodimi avtomobilini jarima maydonchasiga joylashtirganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u 9 kundan beri huquqbuzarlik qayd etilgan bayonnomani ololmagan. O‘shanda Jahongir Otajonov mazkur holatni davlat rahbarining siyosati bilan bog‘lagan edi. U shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidan norozi ekanligini bildirib, IIBB va IIV xodimlarini «davlat va xalq xoinlari», qolaversa, «haromi» deb atagan edi.

Toshkent shahar IIBB Jahongir Otajonovning videomurojaatida aytgan gaplarida MjTKning 41 moddasiga ko‘ra, haqorat alomatlari bor deb topib, ish bo‘yicha to‘plangan hujjatlarni sudga oshirgan edi.

Toshkent shahar sudlarining matbuot xizmati хабарига ko‘ra, sudya Temirjon Yusupov raisligida ishni ko‘rib chiqish davomida qo‘shiqchi IIBB YHXB xodimi Sh. Sayfuddinov va IIO FMBning boshqa xodimlarini haqoratlaganini tan olgan.

«Hozirda aybimga to‘liq iqrorman, qilgan ishimdan pushaymonman. O‘zimga tegishli xulosa qildim», deya IIO FMB xodimlaridan kechirim so‘raganligini ma’lum qilib, suddan yengillik berishni so‘radi", — deya Jahongir Otajonovning so‘zlaridan iqtibos keltirilgan.

Sud huquqbuzar uning harakatlariga huquqiy baho berib, uning harakatlarida MJtKning 41-moddasida (haqorat qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud deb hisobladi. Biroq, yakunda sudya uni MJtKning 21-moddasiga asosan javobgarlikdan ozod qilib, ogohlantirish bilan kifoyalanishni lozim topdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘z xonandalik faoliyatini yakunlaganini va prezidentlik saylovida qatnashish rejasi borligini ma’lum qilgan Jahongir Otajonov 11 iyul kuni onasi norozi bo‘lgani sababli siyosatdan ketishini e’lon qildi. U joriy yil oxirida konsert berishni rejalashtirayotganini aytib o‘tdi.