Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq, va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror loyihasini tasdiqladilar.

Deputat, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayevning aniqlik kiritishicha, Toshkent viloyatidan jami 7853,3 gektar yer maydoni (shundan 3250,1 gektari qishloq xo‘jalik yerlari) Toshkent shahriga, Toshkent shahridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilishi belgilanmoqda. Jumladan:

  • Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1 827,1 gektar yer maydoni (Chorbog‘, Belariq, Fayzli, Jaloyir, Nomdanak, Qumariq, Xonobodtepa, Taraqqiyot, Qorasuv, Xonobod, Qushbegi, Sohibkor, Istiqlol, Nurafshon MFYlar) Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga;
  • Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan 490,0 gektar yer maydoni (Gulbog‘, Yik ota MFYlar) Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga;
  • Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidan 1 134,2 gektar yer maydoni (Bektemir, Nurafshon, Namuna, Yangi hayot, A.Navoiy MFYlar) Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga;
  • Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 294,6 gektar yer maydoni (Geofizika, Alisherobod, Chingeldi, Do‘stlik, Taraqqiyot, Barkamol, Bog‘ishamol, Vatanparvar, Amr Temur, Mevazor, Gulbog‘, Gulzor-1, Pastki yuz MFYlar) Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani tarkibiga;
  • Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 107,4 gektar yer maydoni (Jarboshi, Tashisti, Ibrat, Mirishkor, Arg‘in, Bahor, Chinor, Tovkentepa MFYlar) Toshkent shahrining Yashnobod tumani tarkibiga;
  • Toshkent shahrining Sergeli tumanidan 33,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga;
  • Toshkent viloyatining Bektemir tumani tumanidan 137,5 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda.

Parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, 1 iyul holatiga ko‘ra, Toshkent shahri aholisi soni 2737,2 ming kishini tashkil etib, joriy yil boshiga nisbatan 42,8 ming kishiga yoki 101,6 foizga o‘sgan. Aholining zichligi esa 1 km kv. maydonga 7564 kishini tashkil etmoqda.

«Poytaxt aholisi sonining yil sayin yuqori sur’atlarda o‘sib borishi shaharda yangi ijtimoiy soha obyektlarini qurish, yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarini tashkil etish, madaniy va dam olish maskanlarini ko‘paytirishni taqozo etyapti», — deyiladi xabarda.

Deputatlarning fikricha, Toshkent viloyati hududidan Toshkent shahriga yer maydonlarining o‘tkazilishi kelgusida aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashga, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Nozik masala

O‘tgan yili Toshkent shahri va Toshkent viloyatining chegaradosh tumanlari hududiy tarkibini o‘zgartirish bo‘yicha loyiha jamoatchilik o‘rtasida qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqargan edi. Prezidet matbuot xizmati aholiga qulaylik yaratish maqsadida poytaxtning 1010 ga maydonini Toshkent viloyati tarkibiga, Toshkent viloyatining 8371 ga yer maydonini esa poytaxt tarkibiga o‘tkazish rejalashtirilayotganini xabar qildi. Taklif davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’qullandi.

Qurilish vaziri Botir Zokirov poytaxtning Sergeli, Chilonzor va Uchtepa tumanlaridan bir qismi, shuningdek, Mirzo-Ulug‘bek tumani tarkibidagi Ulug‘bek shaharchasini Toshkent viloyati hududiga o‘tkazish taklif etilayotganini ma’lum qildi.

Toshkentning hududlari o‘zgarishi mo‘ljallanayotgan mahallalari aholisi ushbu taklifga qarshi chiqdi. «Gazeta.uz» Uchtepa tumani va Ulug‘bek shaharchasi aholisi norozilik bildirayotgani haqida yozgan edi. Uchtepa va Sergeli tumanlarida aholi ko‘chaga yig‘ilib, mutasaddilardan izoh talab qilishdi.

2020 yil dekabrida Toshkent hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev 2021 yilda Toshkent hududining biron bir qismi Toshkent viloyatiga o‘tmasligini ta’kidladi.

23 iyul kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi Toshkentning to‘rtta tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlagan edi.