Malayziya bosh vaziri Muhiddin Yassin iste’foga chiqishini e’lon qildi

Malayziya bosh vaziri Muhiddin Yassin parlament muxolifati bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugagani sababli iste’foga chiqishini e’lon qildi. «Men parlamentdagi ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlovidan ayrilganim uchun ketayapman», dedi u. Qirollik saroyi bayonotida ko‘rsatilishicha, «oliy rahbar iste’foni qabul qildi, lekin Muhiddin yangi bosh vazir tasdiqlangunga qadar vaqtincha hukumat rahbari vazifasini bajaradi». «Hozirgi vaqtda oliy rahbar parlamentni tarqatib yuborish va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishni rejalashtirmayapti», deyiladi bayonotda.

Oy boshida mamlakatning eng yirik «Birlashgan malay milliy tashkiloti» partiyasining ba’zi deputatlari hukumatga ishonchsizlik bildirganidan so‘ng hukumat rahbari parlamentdagi ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlovidan ayrilgani ma’lum bo‘ldi. Bundan avvalroq butun Malayziya hukumati iste’foga chiqish to‘g‘risida oliy rahbar (qirol) Abdullo Al-Mustafoga e’lon qilgan edi. — TASS.


Rossiya bo‘ylab tabiiy ofatlar

Rossiyaning Yakutiya o‘lkasida (Saxa Respublikasi) o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Mavsum boshidan buyon respublikada 1,3 mingdan ortiq o‘rmon yong‘ini qayd etilgan. Hududda «mintaqalararo favqulodda rejim» joriy qilindi. «Roslesxoz» ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil boshidan buyon fojia 7 mln gektardan ortiq o‘rmonni yo‘q qildi — bu Irlandiya yoki Gruziya maydoniga teng. Amerika kosmik agenligining (NASA) xabar berishicha, avgust oyining boshlarida yakut yong‘inlarining tutuni Shimoliy qutbga qadar yetib borgan.

Shu bilan birga, suv toshqini xavfi tufayli Krasnodar o‘lkasining Qrim tumani markazi va to‘rtta aholi punktida favqulodda rejim joriy etildi. Aholi elektr energiyasi, suv va gaz ta’minotidagi ehtimoliy uzilishlardan ogohlantirildi. Avvalroq Kubanning 14 ta munitsipalitetida, xususan, Qora dengiz sohilidagi Anapa, Gelenjik, Novorossiysk kurort shaharlarida favqulodda rejim joriy etilgan edi. Anapadagi 20 dan ortiq otel mehmonlari evakuatsiya qilindi. Yakshanba kuni kechqurun viloyat hududida 200 dan ortiq uy xo‘jaliklari va 1,9 mingdan ortiq uylarga tutash yerlarni suv bosdi.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi yangiliklar:

  • «Tolibon»ning aytishicha, barcha davlat xizmatchilari — erkaklar ham, ayollar ham — o‘z ish joylariga qaytishlari mumkin. «Diplomatik vakolatxonalar, harbiy bazalar va fuqarolik bo‘limlari xodimlari o‘z ishlarini xavotirlanmasdan davom ettirishi mumkin», — dedi harakatning Qatardagi siyosiy idorasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdul Salam Hanafiy. «Hech kimning huquqlari buzilmaydi. Ayollar hijob kiyib ishlashlari mumkin», deya qo‘shimcha qildi u.
  • Afg‘oniston milliy maxsus kuchlari korpusi tarqatilgan deb e’lon qilindi. Korpusning barcha xodimlari ishdan bo‘shatildi.
  • Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Afg‘onistondagi vaziyat fonida hushyorlikni kuchaytirish choralarini ko‘rmoqda.
  • Tojikiston bortida 100dan ortiq afg‘on harbiylari bo‘lgan samolyotlarning mamlakat janubidagi Bo‘xtor shahriga qo‘nishiga ruxsat berdi. «Tojikistonga SOS signallari keldi, shundan so‘ng, mamlakatning xalqaro majburiyatlariga muvofiq, afg‘on harbiylariga Bo‘xtor shahridagi aeroportda qo‘nishga ruxsat berishga qaror qilindi», — dedi Tojikiston TIV axborot va matbuot boshqarmasi «Interfaks»ga.
  • Germaniya kansleri Angela Merkelning aytishicha, mamlakat Afg‘onistondan 10 ming kishini evakuatsiya qilishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, bularga Germaniya bilan hamkorlik qilgan 2,5 ming afg‘on aholisi, shuningdek, advokatlar, huquq himoyachilari va xavf ostida bo‘lganlarning hammasi kiradi.
  • Germaniyaning Lufthansa va Fransiyaning Air France aviakompaniyalari Afg‘oniston ustidan parvozlarni amalga oshirishni to‘xtatishga qaror qilishdi. Bunday qarorga Rossiyaning aviakompaniyalari ham keldi. Bundan tashqari, Turkiyaning Turkish airlines kompaniyasi Afg‘onistonga va undan rejalashtirilgan barcha parvozlarni to‘xtatdi.
  • Eronda o‘nlab (boshqa manbalarda yuzlab) afg‘on ayollari Afg‘onistonda toliblarning hokimiyat tepasiga kelishiga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazdi. Miting Qom shahrida Fotima Masume maqbarasi oldidagi maydonda bo‘lib o‘tdi. Ayollar Afg‘oniston bayroqlari va plakatlar bilan chiqib, xalqaro hamjamiyatni o‘z mamlakatlaridagi vaziyatga chora ko‘rishga chaqirishdi. Ta’kidlanishicha, Eronda dunyodagi eng katta afg‘on diasporasi joylashgan — u yerda 2,5 mlnga yaqin afg‘on istiqomat qiladi.
  • Fransiya parlamenti a’zosi, «Milliy birlik» partiyasi rahbari Marin Le Pen islomiy tahdidga qarshi kurashish uchun Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va musulmon davlatlari ishtirokida keng xalqaro ittifoq tuzishga chaqirdi. Uningcha, «Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritishi terror xurujlari va yangi migratsiya to‘lqinlarini keltirib chiqaradi». Fransuz siyosatchisining fikriga ko‘ra, «AQSh Jo Bayden prezidentligi davrida erkin dunyo manfaatlarini himoya qila olmasligini ko‘rsatadi». NATO, Le Penning ta’kidlashicha, «o‘zining harbiy muvaffaqiyatsizligi va foydasizligini tan oldi».
  • Belgiya afg‘on muhojirlarini deportatsiya qilmaslikka qaror qildi.
  • Finlyandiya, Shvetsiya va Shveysariya mamlakatlari Kobuldagi vakolatxonalarining barcha xodimlarini evakuatsiya qildi. Hozirda Avstraliya (200 ga yaqin) va Filippin (130 nafar) Afg‘onistondagi barcha fuqarolarini olib chiqishga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
  • Kobul aeroportida yuzlab odamlar Afg‘onistondan uchadigan so‘nggi samolyotlarga tirmashib chiqishayotgani aks etgan videolar tarqaldi (video). Ulardan ba’zilari samolyotlarning bortiga, ba’zilari esa tezlikni oshirayotgan samolyot tagiga qo‘llari bilan ilinmoqchi bo‘lganlar. Hozirda aeroportdagi holatlardan so‘ng bir necha kishi halok bo‘lgan.
  • BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirib, gumanitar yordam yetkazib berish imkoniyatini ta’minlash uchun tomonlarni «maksimal darajada bosiq bo‘lishga» chaqirdi. Shuningdek, bosh kotib ayollar va qizlarning kelajagidan xavotirda ekanligi ta’kidladi. Dushanba kuni Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha BMT Xavfsizlik Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkaziladi.
  • «Tolibon» harakati vakillari Al-Jazeera telekanali efirida «Afg‘onistonda urush tugaganligi» haqida e’lon qildi. Shuningdek, ular «harakat har bir qadamini mas’uliyat bilan bosishini va barcha tomonlar bilan tinch munosabatlarni saqlash niyatida» ekanligini ta’kidlashmoqda. Toliblar boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmasligini qayd etdi.
  • 60 dan ortiq mamlakatlar qo‘shma bayonot bilan chiqib, chet elliklar va mamlakatni tark etmoqchi bo‘lgan afg‘on fuqarolarini xavfsiz chiqib ketishini ta’minlashga chaqirdi.

Gaitidagi zilzila qurbonlari soni qariyb 1,3 ming kishiga yetdi

5,7 mingdan ortiq odam jarohat oldi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab shaharlardagi shifoxonalar bemorlar bilan to‘lib ketgan, odamlar tez yordam ololmayapti. Yaradorlar tibbiyot muassasalari oldidagi maysazorlarga yotqizilmoqda. Avvalroq Gaiti qirg‘oqlarida 7,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Foto: Richard Pierrin/Getty Images

Foto: EPA/Vostock-photo

Foto: AP/TASS

Foto: AP/TASS