14−15 avgust kunlari O‘zbekistonning havo hududi chegarasidan noqonuniy o‘tgan, ichida jami 585 nafar qurollangan harbiy xizmatchilar bo‘lgan, Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyot hamda 24 ta harbiy vertolyoti majburiy ravishda Termiz xalqaro aeroportiga qo‘ndirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Joriy yil 15 avgust kuni Qarshi shahridagi «Xonobod» aeroportiga qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan Afg‘oniston Islom Respublikasining 3 ta Embraer 314 rusumli harbiy samolyoti Termiz aeroportiga qo‘nish to‘g‘risida ogohlantirilib, ular O‘zbekistonning 2 ta «MiG-29» rusumli harbiy samolyotlari kuzatuviga olingan.

Lekin kuzatuv davomida Embraer 314 va «MiG-29» samolyotlari to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan. Ushbu samolyotlar uchuvchilari parashyut (katapult) orqali yerga tushishgan.

Shu kuni 158 nafar afg‘on fuqarolari va qurollangan harbiy xizmatchilari daryo orqali Termiz tumani hududiga O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tishgan.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokurori tomonidan Jinoyat kodeksining 223-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda Bosh prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.