15 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbarlari Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat bo‘yicha fikr almashdilar.

«Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida ikki mamlakatning tegishli idoralari o‘rtasida yaqin aloqalar va hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi», — deyiladi xabarda.

Kreml matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbarlari «Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanish tafsilotlarini muhokama qildilar».

«Shuni inobatga olgan holda, Rossiya va O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi», — deyiladi xabarda.

Yakshanba kuni «Gazeta.uz» «Tolibon» harakati a’zolari Kobulga kirgani haqida xabar qilgan edi. OAV Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining iste’fosi ehtimoli haqida xabar qilmoqda. Afg‘oniston IIV rahbari hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tishini ma’lum qildi.