Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov qanday holatlarda koronavirusga qarshi emlanishga tibbiy cheklovlar bo‘lishi haqida ma’lumot berdi.

Uning ta’kidlashicha, COVID-19ga qarshi emlashga mone’lik (to‘siq) qiluvchi holatlar quyidagilar hisoblanadi:

  • vaksinaning komponentlariga yuqori sezgirligi bo‘lgan shaxslar;
  • anamnezida og‘ir allergik reaksiyalari bo‘lgan shaxslar;
  • o‘tkir yuqumli va yuqumsiz kasalliklar bilan kasallanganlar;
  • homilador va emizuvchi ayollar;
  • 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
  • OIV infeksiyasiga chalingan shaxslar.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasining o‘tkir shakli simptomlari bo‘lgan bemorlar, laboratoriyada COVID-19 musbat natija bergan, biroq klinik belgilari kuzatilmayotgan shaxslar va koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar, karantin muddati tugaganidan so‘ng emlanishlari haqida aytildi.

N️urmat Otabekovning qayd etishicha, barcha turdagi emlashlarni amalga oshirishdan avval, shifokor emlanuvchi shaxsda allergik reaksiyalar bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritishi lozim va oldingi emlashlardan so‘ng og‘ir allergik reaksiyalar kuzatilgan bo‘lsa, u holda emlashdan tibbiy cheklov berilishi kerak.

Shuningdek, shaxsga qon va uning komponentlari quyilgan taqdirda COVID-19ga qarshi emlash:

  • eritrotsitar yoki leykotsitar massa quyilganida 6 oydan keyin;
  • trombotsitar massa yoki plazma quyilganida 7 oydan keyin;
  • immunoglobulin yuborilgan holatda koronovirus infeksiyasiga qarshi emlash immunoglobulin yuborilganidan 3 oydan keyin;
  • grippga qarshi emlangan bo‘lsa — 1,5 oydan keyin
  • boshqa turdagi vaksina, immunoglobulin, zardob va anatoksinlar bilan emlangan taqdirda 1 oydan keyin amalga oshirilishi kerak.

Oldinroq, «Gazeta.uz» koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risida sertifikatni qanday olish mumkinligi to‘g‘risida qo‘llanmani taqdim qilgan edi.