“Alpomish Merosi” MCHJ tomonidan Xitoyning “Zhongtong bus Company limited” korxonasi bilan 70 dona zamonaviy avtobuslarni xarid qilish bo‘yicha 4,375 mln dollarlik shartnoma imzolangan. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Shartnomaga muvofiq 14 avgust kuni ushbu avtobuslardan 20 donasi Andijon viloyatiga olib kelindi. Viloyat transport boshqarmasi tomonidan shahar markazidagi 20 ta yo‘nalishda zamonaviy avtobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

Buning natijasida shahar markazi to‘liq jamoat transporti qatnovi bilan qamrab olinadi. Yangi avtobuslar harakatining yo‘lga qo‘yilishi bilan 200 dan ortiq ishchi o‘rni yaratiladi.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

Avgust oyi oxiriga qadar yana 50 dona avtobusni olib kelish rejalashtirilgan.

Transport vazirligining qayd etishicha, prezident 17−18 iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatida transport infratuzilmasini tubdan yangilash aholigi sifatli, arzon transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish yuzasidan mutasaddi tashkilot rahbarlariga tegishli topshiriqlarni bergan.