14 avgust kuni 84 nafar Afg‘oniston harbiy xizmatchisi O‘zbekiston davlat chegarasini kesib o‘tdi, deya xabar qildi o‘zbek TIV matbuot xizmati.

Tashqi siyosat mahkamasi ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy xizmatchilar DXX Chegara qo‘shinlari chegara naryadlari tomonidan qo‘lga olingan. O‘z navbatida, chegarani buzganlar qarshilik ko‘rsatmagan va uch nafar yaradorga tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.

«Afg‘onistonning mazkur fuqarolari bilan zarur tekshiruv-filtrlash jarayonlari va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari o‘tkazildi, ularning ayrimlariga tibbiy yordam ko‘rsatildi, shuningdek, oziq-ovqat va ularning vaqtincha joylashishi tashkil etildi», — deyiladi TIV xabarida.

Shu bilan birga, Termiz-Hayraton ko‘prigining Afg‘oniston qismida Afg‘oniston hukumat kuchlarining harbiy xizmatchilari to‘plangani qayd etildi. Bu shaxslarga insonparvarlik yordami ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston fuqarolarining vataniga qaytishi va «Termiz-Hayraton» ko‘prigi hududidagi vaziyatni tartibga solish borasida Afg‘oniston tomoni bilan muzokaralar olib bormoqda.

Bundan tashqari, 14 avgust kun davomida «Termiz-Mozori-Sharif» temir yo‘l uchastkasida xizmat ko‘rsatuvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vatanga qaytarish tashkil etildi.

«Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda, barcha zarur xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Termizda xavfsizlik idoralari rahbarlari va davlat hokimiyati organlari vakillaridan iborat tezkor shtab joylashtirilgan», — deya ta’kidladi TIV.

Eslatib o‘tamiz, shanba kuni «Tolibon» Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Balx viloyati ma’muriy markazi Mozori Sharif shahrini egallagani haqida e’lon qildi. OAVning xabar berishicha, afg‘on hukumati qo‘shinlarining bir qismi O‘zbekiston bilan chegara hududiga qochgan.