Markaziy saylov komissiyasi 14 avgust kuni O‘zbekistondagi beshta siyosiy partiyaga oktyabrda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida ishtirok etishga ruxsat berdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Komissiyaning shanba kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida Ekologik partiyasi, XDP, O‘zLiDeP, “Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalarining O‘zbekiston prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat berishni so‘rab taqdim qilgan hujjatlari ko‘rib chiqildi.

MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, partiyalar tomonidan belgilangan muddatda Saylov kodeksida nazarda tutilgan barcha hujjatlar taqdim etilgan. Shundan kelib chiqib, komissiya a’zolari bir ovozdan saylovda ishtirok etish uchun ijozat berish to‘g‘risidagi qarorlarni ma’qullab ovoz berishdi.

Endi siyosiy partiyalar MSKga O‘zbekiston prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni iltimos qilib ariza bilan murojaat etishi mumkin.

Saylov kodeksiga ko‘ra, siyosiy partiya yuqori organining O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori, siyosiy partiya yuqori organi majlisining O‘zbekiston prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi, nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi, ish va yashash joyi, partiyaviyligi ko‘rsatilgan bayonnomasi, nomzodning o‘z nomzodi ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi, nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari ham topshiriladi.

Shuningdek, siyosiy partiya MSKda o‘z nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazishi uchun, O‘zbekistondagi jami saylovchilar umumiy sonining kamida bir foizining imzosi bilan imzo varaqalarini taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida, 5 ta siyosiy partiya prezident sayloviga o‘z nomzodlarini e’lon qilishdi:

Eslatib o‘tamiz, endilikda ushbu nomzodlar partiyalar qurultoyi tomonidan tasdiqlanishi va MSKga tegishli hujjatlar yuborilishi lozim.