1 oktyabrdan boshlab xodimlari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan vaksinalardan birining ikkita dozasi bilan emlanmagan tashkilotlar faoliyati to‘xtatiladi. 10 avgustdan boshlab ayrim umumiy ovqatlanish obyektlari uchun karantin cheklovlari yumshatildi. Buning uchun, restoran va kafe xodimlari kamida ikkita dozada koronavirusga qarshi vaksina (turidan qat’i nazar) bilan emlangan bo‘lishi kerak. Shuningdek, restoranlarga faqat QR-kodi yoki sertifikati bo‘lgan tashrif buyuruvchilarni qo‘yish tavsiya etildi. Barcha holatlarda salomatligi bo‘yicha vaksina olishga qarshi ko‘rsatma bo‘lgan shaxslar bu talabdan mustasno bo‘ladi.

Ushbu talablar joriy qilinganidan so‘ng aholida emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatni qanday va qayerdan olish mumkinligi haqida savollar paydo bo‘ldi. Ularga javob olish uchun «Gazeta.uz» Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bosh mutaxassisi Xursanoy Jamolova va IT-Med kompaniyasi (SSV huzurida ta’sis etilgan) xodimi Shoxrux Қурбоновga murojaat qildi.

Emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat nima?

Koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat to‘liq emlangan fuqarolarga beriladi. Hujjatda sertifikat sahifasiga olib boradigan QR-kod mavjud. Sertifikat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan beriladi. Unda vaksina turi, har bir doza bilan emlash vaqti hamda emlangan fuqaro to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.


Namuna.

Nechta doza olgandan so‘ng sertifikat olish mumkin?

Sertifikat faqatgina to‘liq emlangan fuqarolarga beriladi.

AstraZeneca, Moderna yoki Sputnik-V vaksinalaridan biri bilan emlanganlar ikkinchi dozadan keyin sertifikat olishlari mumkin. ZF-UZ-VAC2001 xitoy-o‘zbek preparati bilan emlanayotgan fuqarolar esa vaksinaning uchinchi dozasidan keyingina sertifikat olishadi.

To‘liq emlangan fuqarolar bu to‘g‘risida SMS-xabar olishlari kerak. Unda sertifikatga eltuvchi havola bo‘ladi.

Xitoy-o‘zbek vaksinasining ikkita dozasi bilan emlangan umumiy ovqatlanish punktlari xodimlari nima qilishlari kerak degan savolga SSV hamda Sanitariya xizmati vaksina olingan poliklinika bergan ma’lumotnomani ko‘rsatish mumkinligini ta’kidlashdi. Vaksina mahalla qo‘mitasi, bozor yoki maktabda olingan bo‘lsa, unda ma’lumotnoma ushbu vaksinatsiya punkti taalluqli bo‘lgan poliklinikadan olinadi.

Shuningdek, umumiy ovqatlanish obyekti xodimlari vaksinaning ikkita dozasi olinganligi to‘g‘risidagi SMS-xabarni ham ko‘rsatishlari mumkin. Biroq, ushbu vaksinaning birinchi va ikkinchi dozalari olinganligi to‘g‘risidagi SMS-xabar ba’zi fuqarolarga kelmayapti.

SMS-xabar tizimi qanday ishlaydi?

Vaksinaning har bir dozasini qilishdan oldin, tibbiyot xodimi emlanayotgan fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari va faol telefon raqamini yozib oladi. Oilaviy poliklinikalardagi mas’ul xodimlar ushbu ma’lumotlarni emlash.uz saytidagi umumiy ma’lumotlar bazasiga kiritishadi.

Fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari bazaga kiritilganidan so‘ng unga SMS-xabar kelishi kerak. Ushbu xabarda emlangan shaxsning ismi va familiyasi, shuningdek birinchi yoki ikkinchi doza olingan sana hamda keyingi dozani olish bo‘yicha tavsiya etilgan sana haqida ma’lumot bo‘ladi. Agar fuqaro to‘liq emlangan bo‘lsa, unda xabarda sertifikatga havola bo‘lishi kerak.

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining ta’kidlashicha, har bir poliklinikada ma’lumotlarni emlash.uz sayti bazasiga kiritish uchun mas’ul xodimlar tayinlangan.

Siz vaksina oldingiz, lekin SMS-xabar kelmadi. Nima qilish kerak?

Ko‘plab fuqarolar vaksinatsiya to‘g‘risida SMS-xabar olishmayotganliklari haqida shikoyat qilishmoqda. Ba’zilar na birinchi, na ikkinchi dozadan keyin xabar kelmaganligini aytmoqda. Ayrimlarga esa ikkinchi dozani olish kerakligi to‘g‘risidagi xabar tavsiya etilgan sanadan keyin yuborilmoqda.


4 avgust kuni vaksinaning ikkinchi dozasini olishi kerak bo‘lgan «Gazeta.uz» muharririga bu haqidagi xabar 10 avgust kuni yuborildi.

Agar siz vaksina olganligingiz yoki to‘liq emlanganliginiz to‘g‘risida SMS-xabar olmagan bo‘lsangiz, Sanitariya xizmati va SSV vaksina qilingan poliklinika yoki emlash punktiga murojaat qilishni so‘raydi. Tibbiy xodimlardan sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni emlash.uz bazasiga kiritishni so‘rash kerak. Shundan so‘ng sizga xabar kelishi kerak, deya ta’kidlaydi Sanitariya xizmati.

Biroq, «Gazeta.uz»ga ma’lum ayrim holatlarda poliklinika va emlash punktiga murojaat qilinganidan so‘ng yuborilgan SMS-xabarda birinchi doza sanasini ko‘rsatishda bir oyga xato qilingan. Buning natijasida amalda to‘liq emlangan fuqaroning bazadagi statusida xato bo‘lishi va uning emlanganligi haqidagi ma’lumot to‘liq bo‘lmasligi mumkin. Bunday hollarda vaksina turiga qarab ikkinchi yoki dozani olganlar bazada birinchi yoki ikkinchi dozani olgan sifatida ko‘rsatiladi.

Sizga boshqa kishining emlanganligi to‘g‘risida xabar yuborishdi. Nima qilish kerak?

Bunday holatlarda Sanitariya xizmati va SSV vaksina qilingan poliklinika yoki emlash punktiga murojaat qilib, ularni xatolik haqida ogohlantirishni so‘raydi.

Fuqarolarga emlash brigadasi xodimi jurnal yoki kompyuterga pasport ma’lumotlari va telefon raqamini to‘g‘ri kiritayotganligiga e’tibor qaratish tavsiya etiladi.

Biroq, ko‘plab emlash punktlarida ma’lumotlar qog‘oz jurnallarga kiritilganligi bois, ma’lumotlar bazasini to‘ldiradigan poliklinika xodimining xato qilish ehtimoli mavjud.

emlash.uz saytida sertifikat olish mumkinmi?

emlash.uz saytida emlanganlar ro‘yxatdan o‘tkazilishi haqida e’lon qilinganidan so‘ng ko‘plab fuqarolar ushbu saytda shaxsiy ma’lumotlarni kiritib, sertifikatni topish mumkin deb o‘ylashdi.

Biroq Sanitariya xizmati va SSVning ta’kidlashicha, ushbu platformadan faqatgina emlanganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘g‘ri kiritishga mas’ul bo‘lgan poliklinikalar xodimlari foydalana olishlari mumkin. Ushbu xodimlar va poliklinika rahbari shaxsiy ma’lumotlarning konfidensialligini kafolatlaydi, deya qayd etdi Sanitariya xizmati vakili.

Fuqarolarning o‘zlari saytda ro‘yxatdan o‘tolmaydilar yoki saytdan foydalana olmaydilar. SMS-xabar orqali yuborilgan havola va QR-kod faqatgina sertifikatni yuklab olish uchun mo‘ljallangan.

Qo‘llanma. Sertifikatni onlayn olish va emlash holatini tekshirish

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) saytida emlanganlik holatini tekshirish yoki sertifikatni yuklab olish mumkin. Sanitariya xizmati ta’kidlashicha, ushbu portalda faqat emlash.uz bazasiga ma’lumotlari kiritilganlar o‘z holatlarini tekshirishlari mumkin. Eslatib o‘tamiz, fuqaroning ma’lumotlari ushbu bazaga kiritilishi bilanoq unga SMS-xabar kelishi kerak. «Gazeta.uz»ning ayrim xodimlariga na birinchi, na ikkinchi dozadan keyin SMS-xabar kelmadi. Shunga qaramasdan, ular my.gov.uz orqali o‘z holatlarini tekshira olishlari mumkin.

Shuning uchun, biz umumiy ovqatlanish obyektlari va boshqa tashkilotlarning emlangan xodimlariga ushbu platformadan foydalanishni tavsiya qilamiz.

Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, «COVID-19 ga emlashga yozilish va holatini tekshirish» bo‘limiga o‘tib, «Xizmatdan foydalanish»ni tanlang.


Undan keyin JSHSHIR, pasport seriyasi va raqami, shuningdek tug‘ilgan sanangizni ko‘rsating. Keyin esa «Tekshirish»ni bosing.


Agar sizning ma’lumotlaringiz poliklinika xodimlari tomonidan emlash.uz tizimiga kiritilgan bo‘lsa, siz emlanganlik holatingizni tekshirishingiz mumkin. Agar siz emlangan bo‘lsangiz-da, lekin bu haqida ma’lumot bo‘lmasa, vaksina olgan poliklinika yoki emlash punktiga murojaat qiling va tibbiy xodimlardan sizni bazaga kiritishlarini so‘rang.


To‘liq emlangandan so‘ng ushbu sahifada siz o‘z sertifikatingizni yuklab olishingiz mumkin bo‘ladi.


Sertifikatni poliklinikada olsa bo‘ladimi?

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bosh mutaxassisi Xursanoy Jamolovaning ta’kidlashicha, ma’lumotlarni umumiy bazaga kiritish uchun mas’ul bo‘lgan poliklinika xodimi fuqarolarning murojaati asosida ularning sertifikatlarini yuklab olishi va ishchi printeri bo‘lgan taqdirda qog‘ozga chiqarib berishi mumkin.

Qaysi mamlakatlar O‘zbekistonning emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatini tan olgan?

Sanitariya-epidemiologik xizmatining ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtga kelib O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat faqat bitta davlatda rasman tan olingan — bu Vengriya davlati. Shuningdek, yaqin kunlarda Qozog‘iston bilan ikkala davlat sertifikatlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvga erishilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, hozirda O‘zbekiston MDHning boshqa mamlakatlari bilan sertifikatlarni tan olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Sentyabr oyidan boshlab Hamdo‘stlik davlatlari ham bir birining sertifikatlarini tan olishi kutilmoqda.

Sanitariya xizmatining ta’kidlashicha, boshqa mamlakatlar bilan sertifikatlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuv keyinchalik tuziladi.