Havo floti kuni arafasida Toshkent harbiy okrugi «Chirchiq» poligonida harbiy aviatsiya aviashousi bo‘lib o‘tdi.Tadbir O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa va Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonliklari tomonidan tashkil etildi.

Havo floti kuni avgust oyining uchinchi yakshanbasida nishonlanadi. Joriy yilda an’anaviy tadbir pandemiya munosabati bilan cheklangan sondagi ishtirokchilar bilan bo‘lib o‘tdi.

Shouda MiG-29 qiruvchilari, Su-25 shturmchilari, Il-76, Airbus C-295W CASA harbiy-transport samolyotlari, shuningdek, Airbus H-125, Airbus H-215, Mi-24 va Mi-35 vertolyotlari parvozlari taqdim etildi.

Manyovrlarni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va HHK rahbariyati kuzatib bordi.
Aviashouni O‘zbekiston va HHK bayroqlari bo‘lgan ikkita vertolyot ochib berdi. Ular ortidan turli vertolyotlar guruhi parvoz qildi.

So‘ngra poligon uzra ikkita MiG-29 hamrohligida doimo navqiron Il-76 uchib o‘tdi. Uning ortidan Su-25 guruhi parvoz qilib, yuqoriga ko‘tarildi. Zamonaviy CASA C-29 transport samolyotlari poligon ustidan bir necha marta uchib, o‘z imkoniyatlarini namoyish qildi.

Tadbir yakunida vertolyotlardan shartli yong‘in o‘chog‘iga havodan turib suv purkaldi.

Odatda Harbiy-havo kuchlari faoliyati mamlakatning oddiy fuqarolari ko‘ziga tanish emas. Ular O‘zbekiston fuqarolarini tashqi tahdidlardan himoyalash bilan bir qatorda, turli qutqaruv operatsiyalari va mamlakat ichidagi boshqa amaliyotlarda qatnashadi. Jumladan, aholini tabiiy ofat hududlaridan evakuatsiya qilish, o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va boshqalarda.

Foto