Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan «Buyuk ipak yo‘li» metro bekatiga kirishiga tutash bo‘lgan yerosti o‘tish yo‘lida shift kompozit panelining (alyukobond) bir qismi qulab tushdi, deb xabar berdi FVV axborot xizmati.

Voqea 12 avgust kuni taxminan soat 14:30 larda ro‘y bergan. Buning oqibatida hech kim jabr ko‘rmagan.

Keyinchalik aniqlanishicha, konstruksiyaning bir qismi yerosti o‘tish yo‘lagi ustida joylashgan chimni sug‘orish natijasida to‘plangan suvning og‘irligi tufayli qulab tushgan.

Foto: FVV.

«O‘pirilish jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarmagan. Bir necha daqiqa ichida yerosti yo‘lagi shift bo‘laklaridan tozalangan», — deyiladi FVV xabarida.

Iyul oxirida ijtimoiy tarmoqlarda «Buyuk Ipak yo‘li» metro bekatiga kirish/chiqish joyida shiftdan suv oqib tushayotgani aks etgan videolar tarqaldi.

O‘shanda «Toshkent metropoliteni» rahbariyati ushbu yerosti o‘tish joyi Toshkent metrosi obyektiga qarashli emasligini ma’lum qilgan. Korxona xabariga ko‘ra, yerosti o‘tish joyi, undan foydalanish va saqlash Mirzo Ulug‘bek tumani hokimiyati tasarrufida bo‘lgan.