O‘zbekiston prezidenti 11 avgust kuni «Rasmiy statistika to‘g‘risida"gi qonunни imzoladi. Hujjat Milliy qonunchilik ma’lumotlari bazasida e’lon qilindi.

Davlat statistika qo‘mitasi sharhida qonun bilan mazkur sohaga kiritilayotgan yangiliklar sanab o‘tilgan. Unda, shuningdek, 2002 yilda qabul qilingan «Davlat statistika to‘g‘risida"gi qonun xalqaro standartlarga to‘laqonli javob bera olmasligi qayd etilgan.

Yangi qonunni ishlab chiqishda BMTning yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan Sharqiy yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari uchun maxsus ishlab chiqilgan Rasmiy statistika to‘g‘risidagi model qonuniga tayanildi.

Jarayonga Hukumat, vazirlik va idoralar mas’ullari hamda Jahon bankining xorijiy ekspertlari jalb etildi. MDH, Osiyo va Yevropa mamlakatlarining qonunchiligi hamda Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning rasmiy statistika borasidagi huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganildi.

Yangi Qonun 7 ta bob va 44 ta moddadan iborat. Hujjatda rasmiy statistika O‘zbekistondagi iqtisodiy, demografik, ijtimoiy, moliyaviy, ekologik hodisalar va jarayonlarni hamda boshqa hodisalar va jarayonlarni tavsiflovchi, tarqatiladigan statistika ma’lumotlaridan iboratligi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan buyon ushbu qonun qoidalariga muvofiq tayyorlanmagan har qanday statistika ma’lumoti rasmiy deb tan olinmaydi.

Milliy statistika tizimi tashkil etilib, uning tarkibiga statistika organlari bilan bir qatorda rasmiy statistika masalalari doirasida boshqa rasmiy statistikani tayyorlovchi va tarqatuvchi davlat boshqaruvi organlari ham kiritilmoqda.

Xususan, yangi qonunda milliy statistika tizimi subektlari sifatida rasmiy statistika ma’lumotlarini tayyorlashda bevosita ishtirok etuvchi 30 dan ziyod davlat boshqaruvi organlarining huquq, vazifa va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Milliy statistika tizimi faoliyatini samarali muvofiqlashtirib borish maqsadida Davlat statistika qo‘mitasi vakolatli organ sifatida belgilanmoqda. Davlat statistika qo‘mitasiga boshqa rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika uslubiyatlarini xalqaro tavsiyalarga muvofiqligi nuqtai nazaridan auditdan o‘tkazish vakolati qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Bundan tashqari, respondentlar, ma’muriy ma’lumotlarni yetkazib beruvchilar hamda statistik ma’lumotlardan foydalanuvchilarning vakolatlari, vazifa va majburiyatlari ham aniqlashtirilmoqda.

Avvalgi qonunda, qo‘mitaning qayd etishicha, statistika ishlari dasturining tavsifi, uni ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi batafsil yoritilmagan, uzoq yillik va yillik statistik dasturlarni ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash va moliyalashtirish tartibi, statistik kuzatuvlar hamda ro‘yxatga olishlarning turlari va ularni amalga oshirishga oid qoidalar nazarda tutilmagan edi.

Yangi qonun bu bo‘shliqlarni to‘ldirib, tegishli qoidalar mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, yangi qonunimizda rasmiy statistik ma’lumotlarning sifati va ularni baholash bo‘yicha talablar belgilanmoqda. Ya’ni, statistikaning sifatini ta’minlash maqsadida rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan ma’lumotlarni baholashning statistik usullaridan foydalanishi, foydalaniladigan manbalar va usullarni hujjatlashtirib borishi, bundan tashqari respondentlarning fikr-mulohazalarini o‘rganish, ilmiy jamoatchilik bilan statistik metodologiyani baholash va uni takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish kabi mexanizmlar o‘z aksini topmoqda, deyiladi sharhda.

Bundan tashqari, statistik ma’lumotlar bilan ishlashga oid qoidalar aniqlashtirilmoqda.

Qo‘mitaning qayd etishicha, bugungi kunga qadar statistik ma’lumotlarni tayyorlash, ulardan foydalanish, e’lon qilish va tarqatish, shuningdek, qayta ishlash va saqlashda axborot xavfsizligini ta’minlash borasida talablar mavjud emas edi. Yangi qonunda bu bo‘shliqlar bartaraf etilib, ma’muriy, individual va maxfiy ma’lumotlardan foydalanish qoidalari va maqsadlari belgilanmoqda.

Shuningdek, rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan statistik ma’lumotlarni barchaga baravar foydalanish imkonini yaratish, ularni foydalanuvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun izohlar bilan birga belgilangan muddatlarda nashr qilinishi hamda rasmiy saytlar va OAVlarda e’lon qilinishi ta’minlanishi bo‘yicha qoidalar aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Yangi qonun xalqaro statistik hamjamiyat tomonidan tavsiya etilgan rasmiy statistikaning asosiy tamoyillariga mamlakatda to‘liq rioya qilish uchun zarur va ishonchli huquqiy asosni yaratib beradi, deyiladi sharhda.