Navoiyning Kimyogarlar ko‘chasida joylashgan gaz quyish shoxobchasi hududida yuk avtomobilining gaz balloni portlashi natijasida to‘rt kishi jarohatlandi, deya xabar qildi FVV matbuot xizmati.

Ushbu holat bo‘yicha yong‘in joyiga 9 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan. Birinchi yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 19:18da voqea joyiga yetib borib, soat 19:45 da yong‘in qurshab olingan va soat 19:53 da yong‘in batamom o‘chirilgan.

FVV ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in kelib chiqish sababi «ZIL-130» rusumli «propan» yoqilg‘i tashish avtomobili o‘zidagi suyultirilgan gazni to‘kish vaqtida chaqnash sodir bo‘lgan, natijada yuk avtomobiliga foydalanish uchun o‘rnatilgan gaz baloni yorilishi oqibatida, yong‘in kelib chiqqan. «ZIL-130» rusumli suyultirilgan yoqilg‘i tashish avtomobiliga o‘rnatilgan sig‘imga zarar yetmagan.

Hodisa oqibatida shoxobcha yaqinidan xarakatlanib ketayotgan «Moskvich-412» rusumli avtomashina haydovchisi va 3 nafar yo‘lovchisi turli darajada kuyish tan jarohatini olgan, halok bo‘lganlar yo‘q.

Navoiy Kanal Telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, ular orasida S. I. (1995 yilda tug‘ilgan) kuchli jarohatlangan bo‘lib, tanasining 94−95 foizi kuygan.