Prezident Olimpiada o‘yinlari ishtirokchilari uchrashuvida ko‘p yillar davomida sport gimnastikasi bo‘yicha sportchi — Oksana Chusovitinaning xizmatlariga alohida to‘xtaldi, deb xabar berdi prezident matbuot kotibi.

“Oksana Aleksandrovnaning navbatdagi ishtiroki Tokio Olimpiadasining muhim voqeasi sifatida e’tirof etildi. Dunyo hamjamiyati Oksananing chiqishini katta zavq va hayajon bilan kuzatar ekan, Chusovitinaning matonatiga, o‘z ishiga bo‘lgan sadoqatiga tan berdi”, — dedi davlat rahbari.

“Hayotini sportga, bunday yirik musobaqada muvaffaqiyatga erishishdek maqsadga bag‘ishlash uchun zo‘r iroda va fidoyilik kerak, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Bunday afsonaviy sportchimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning mardligi, g‘alabaga bo‘lgan qat’iy intilishi yosh sportchilarimiz uchun muvaffaqiyat va shuhrat qozonishning o‘ziga xos ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev ulkan xizmatlari uchun Oksana Chusovitinaga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni berilganini ma’lum qildi.

Prezident matbuot kotibi ta’kidlashiga ko‘ra, davlat rahbari Oksana Chusovitina murabbiylik faoliyatini muvaffaqiyatli olib borib, sport gimnastikasi bo‘yicha yangi chempionlarni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shishiga umid bildirdi.

Shuningdek, Oksana Chusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish va ularning faoliyati uchun barcha zarur sharoitlar yaratishga topshiriq berildi.

“Hurmatli Oksana Aleksandrovna, Vatanimizga bo‘lgan mehringiz va sadoqatingiz, sportdagi fidoyiligingiz, bukilmas iroda va matonatingiz uchun sizga yana bir bor katta minnatdorchilik bildiraman”, — dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning yanvar oyida Oksana Chusovitina Tokioda o‘tkaziladigan olimpiadadan keyin faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgan edi.

Oksana Chusovitina yettita yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachisi hisoblanadi.