6 avgust kuni fuqaro X.S. Toshkent viloyati IIBBga ariza bilan murojaat qilgan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Arizaga ko‘ra, o‘zlarini “DAVRON OMAD SERVIS” MCHJ ta’sischilari deb tanishtirgan “Begzod” va “Davron” ismli shaxslar Bo‘stonliq tumani hokimining qarori bilan bog‘ barpo etish va obodonlashtirish uchun mazkur jamiyatga 30 yilga ijaraga berilgan “Bo‘stonliq” QFYda joylashgan 16 gektar yer maydonini 5 mln dollarga sotishlarini ma’lum qilgan. Ular oldindan bo‘nak sifatida 200 ming dollar berishini talab qilgan.

Arizaga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent shahar Yunusobod tumani, Mustaqillik ko‘chasida joylashgan “KREDO” restoranida R.G. va D.J. lar ariza muallifi X.S. dan 200 ming dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan R.G. va D.J. larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik juda ko‘p miqdorda) va 28/211-moddasi 3-qismi “a” bandi (Pora berish juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Bo‘stonliq tumanida ot sportiga ixtisoslashgan MCHJga ajratilgan 25,4 gektar yer maydonini 1 mln. 500 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtirgan shahs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.