Jizzax viloyatining Arnasoy tumani hokimligi mansabdor shaxslari 7 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ni o‘zlashtirib yuborganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Arnasoy tumanida rejadagi 8000 ga maydondan 1068 ga yerga chigit ekilmaganligi hamda zaruriy agrotexnik tadbirlar o‘tkazilmaganligi oqibatida 1549 ga maydonda paxta yetishtirish imkoniyati yo‘qotilgani aniqlangan.

«Biroq, tuman hokimligi mansabdor shaxslari 8000 ga maydonda g‘o‘za parvarishlanayotganini ko‘rsatishib, 7 mlrd 16 mln so‘mlik ortiqcha imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishiga erishgan. Natijada juda ko‘p miqdordagi mablag‘lar o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan 30 iyun kuni Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etish joiz, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 martdagi «Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risidagi» (121-son) qarori bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar Qishloq xo‘jaligi vazirligining buyurtmasiga ko‘ra, Moliya vazirligi mablag‘lari va tijorat banklari kreditlari asosida ajratiladi.