Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi bolalar bog‘chasida 25 nafar tarbiyalanuvchilari zaharlandi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi xabar bermoqda.

MTV hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda tumandagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidagi holat o‘rganib chiqildi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2 avgustdan 11 avgustgacha intoksikatsiya sindromining klinik ko‘rinishlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent 1-shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Oqqo‘rg‘on tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joyalashtirilgan.

«12 avgust holatiga ko‘ra, 6 nafar tarbiyalanuvchi og‘ir holatda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda, shundan 1 nafar tarbiyalanuvchi o‘pkaning sun’iy nafas berish moslamasiga ulangan bo‘lib, holati o‘ta og‘ir holatda qolmoqda. Qolgan 19 nafar tarbiyalanuvchilarning holati o‘rtacha og‘ir deb baholangan. Kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilardan bakteriologik tekshiruv o‘tkazish uchun tahlillar olingan va laboratoriyaga yuborilgan», — deyiladi xabarda.

Epidemiologiyaga qarshi tadbirlarni muvofiqlashtirish va mahalliy mutaxassislarga uslubiy yordam ko‘rsatish uchun yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar va epidemiologlar guruhi yuborilgan.

«Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan konsilium o‘tkazilib kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilarga klinik ko‘rinishlariga ko‘ra botulizm tashxisiga gumon qilingan. Yakuniy tashxis epidemiologik tekshiruv natijalari hamda bakteriologik tadqiqot ma’lumotlariga asoslanib qo‘yiladi. Davolanish davomida 21nafar tarbiyalanuvchilarning salomatligi holatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda», — deya qayd etildi MTV bayonotida.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarga ko‘ra ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotida 1 nafar tarbiyalanuvchining oziq-ovqat zaharlanishidan vafot etganligi keltirilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tarbiyalanuvchi M.B. 2 avgustgdan 7 avgustga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyati filiali shifokorlari tomonidan shifoxonadan tashqari ikki tomonlama o‘choqli pnevmoniya va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, miya shishi asoratlari tashxisi qo‘yilib davolash ishlari olib borilgan. Shifokorlarning harakatlariga qaramay pnevmoniya kasalligi asoratlariga ko‘ra yurak qon-tomir yetishmovchiligi tufayli 7 avgust kuni biologik o‘lim qayd etilgan, deya qayd etdi MTV axborot xizmati.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, Oqqo‘rg‘on tumanida bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlanganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.