Payshanba kuni Tolibon Afg‘onistonning ikkinchi yirik shahri, xuddi shu nomdagi provinsiya markazi Qandahorni egalladi, deb xabar berdi RIA Novosti.

Harakat vakilining aytishicha, guruh gubernatorlik idorasi, xavfsizlik kuchlari qarorgohi va boshqa muhim muassasalarni bosib olgan. Shaharda qoldirilgan qurol, o‘q -dorilar va transport vositalari ham ularning qo‘liga o‘tgan.

Xuddi shu kuni Tolibon Afg‘onistonning eng yirik provinsiyalaridan biri Hirotni to‘liq bosib oldi. «Binolar, shu jumladan politsiya bosh shtabi ularning nazorati ostiga o‘tdi va hukumat kuchlari taslim bo‘ldilar. Tolibon, shuningdek, Hirotdagi barcha mahbuslarni qo‘yib yuborganlarini ma’lum qildi», — deyiladi RIA Novosti xabarida.

Juma kuni Tolibon Hilmand provinsiyasi markazi Lashkargoh shahrini egallab olganini e’lon qildi.

«Tolibon» ta’kidlashiga ko‘ra, ular o‘tgan hafta oxiridan beri mamlakat 34 provinsiyasining 10 dan ortig‘ining ma’muriy markazlarini, jumladan Zaranj, Puli-Xumri, G‘azni, shuningdek, eng yaqin Tojikiston chegara punkti hududidan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan Qunduz shaharlarini egallab olgan.

Rasmiylar, o‘z navbatida, ba’zi shaharlar ustidan nazoratni qaytarganini ma’lum qilishgan, ammo to‘qnashuvlar davom etmoqda, deb yozadi RIA Novosti.

The New York Times yozishicha, AQSh prezident ma’muriyati bir oy ichida Afg‘oniston hukumati qulashi mumkinligiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Afg‘onistondagi xavfsizlik holati yomonlashar ekan, AQSh Kobuldagi AQSh elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilish uchun 3000 askarini yuboradi. Buyuk Britaniya o‘z harbiylari va NATOning mamlakatdagi missiyasida qatnashgan Britaniya harbiylariga yordam bergan afg‘on fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun 600 nafar askarni yuboradi. Kanada, shuningdek, elchixona xodimlarini evakuatsiya qilish uchun harbiy kuchlarni jo‘natmoqda.

«Tolibon» AQSh o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagach, hukumat kuchlariga qarshi hujum boshladi. AQSh armiyasi avgust oyining oxirigacha mamlakatni butunlay tark etishi kerak.

Afg‘oniston moliya vaziri vazifasini bajaruvchi Xolid Painda iste’foga chiqdi va «Tolibon»ning hukumatning izolyatsiyasini kuchaytirgan asosiy bojxona postlarini egallab olganidan keyin mamlakatni tark etdi, deya xabar berdi Bloomberg. Ma’lumotga ko‘ra, Payenda AQShga ketgan.