O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining qariyb 100 foizi COVID-19`ga qarshi emlandi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Vaksinaning birinchi dozasini xizmatchilarning — 94,7 foizi, ikkinchisini — 91,6 foizi, uchinchisini — 61,1 foizi qabul qilgan. Emlashda asosan ZF-UZ-VAC-2001 (xitoy-o‘zbek), shuningdek, «Sputnik V» va Moderna vaksinalaridan foydalanilmoqda.

Avgust oyidan boshlab Qurolli Kuchlarining boshqa ishchi va xizmatchilarini emlash yo‘lga qo‘yildi, deya ta’kidladi Mudofaa vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi boshlig‘i, tibbiy xizmat podpolkovnigi Jamshid Shakirov.

Emlash ishlarini sifatli tashkil etish maqsadida Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalar tibbiyot xodimlaridan 647 nafar vaksinatorlar tayyorlangan. Tibbiyot punktlarida 81 ta emlash punktlari, Markaziy harbiy klinik gospitali, Markaziy shifoxona va harbiy gospitallarda 8 ta emlash brigadasi tashkil etildi.