Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 avgust kuni Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash hamda Toshkent shahrida xizmatlar sohasida yangi ish o‘rinlari tashkil etishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Bugungi kunda Surxondaryo viloyati aholisining 46 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. 218 ta suv inshooti va 3 ming kilometrdan ziyod tarmoqlar ta’mirga muhtoj. Viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori oshgan.

Shu bois prezident 2 iyun kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida «To‘palang» suv omboridan ichimlik suvi tarmog‘i tortish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shunga muvofiq, dastlabki loyiha ishlab chiqildi.

Abdug‘ani Sanginov prezident Shavkat Mirziyoyevga loyihani taqdim etmoqda. Foto: «O‘zbekiston 24».

«O‘zbekgidroenergo» boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov taqdim etgan loyihaga ko‘ra, «To‘palang» suv omborining quyi qismida bosimni so‘ndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlari quriladi. U yerdan tumanlardagi suv taqsimlash uzellarigacha jami 361 kilometr quvur tortiladi. Bu tizim samarasida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1,7 mln aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 138 million dollar bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Uni 2024 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Dastlab 400 kilometrlik magistral tarmoq yotqizilishi va xalqaro moliya institutlaridan 150 mln dollar jalb etilishi haqida xabar berilgan edi.

Davlat rahbari loyihani ma’qullab, uni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Qurilish ishlarini «Obod qishloq» dasturi bilan uyg‘unlashtirish, suv ta’minoti bo‘yicha davlat-xususiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida loyiha bir necha bosqichda amalga oshirilishi, suv tumanlarga quvurlar yotqizilishi bilan yetkazib berilishini ma’lum qildi.

«To‘palang» suv omborini qurish ishlari 1960-yillar oxirida boshlangan bo‘lib, qariyb 20 yil davom etdi. Suv omborining sig‘imi 380 mln kub metrdan 500 mln kub metrga yetkazilgan. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi qarori (№164) bilan suv ombori «O‘zbekgidroenergo» tarkibiga o‘tkazilgan.