“To‘palang” suv omboridan 361 kilometrlik suv quvurlari yotqiziladi

1,7 million surxondaryolikni ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun “To‘palang” suv omboridan magistral quvur yotqizish loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha qiymati 138 mln dollarga baholanmoqda, quvurlar uzunligi — 361 km.

O‘zbekiston ipoteka bozoridagi vaziyat qanday?

Markaziy bank 2021 yilning birinchi yarmida ipoteka bozoridagi vaziyat yuzasidan izoh berdi. Unga ko‘ra, oxirgi yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha qoldiqlar 25,2 foizga — 30,8 trln so‘mga qadar oshdi, muammoli ipoteka kreditlari qoldiqlari ham 4 barobardan ko‘proqqa o‘sib, 480 mlrd so‘mga yetdi. Har oltinchi kvartira ipoteka asosida sotib olinmoqda. Ikkilamchi bozorda ipoteka kreditlari keskin ko‘paydi.

Endilikda bolalar ombudsmani Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rinbosari bo‘lmaydi

Prezident farmoni bilan bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani) instituti ta’sis etildi va Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rinbosari lavozimi tugatildi.

G‘ijduvon va Guliston tumanlariga hokimlar tayinlandi

Sherzod Ashurov G‘ijduvon tumani, Saydimqul Begimqulov Guliston tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.

186 doza xitoy-o‘zbek vaksinasini sotishga uringanlar ushlandi

Toshkent shahrida ZF-UZ VAC2001 vaksinasining 186 dozasini 27 mln 750 ming so‘mga sotishga uringan ayol kishi qo‘lga olindi. U preparatlarni Yakkasaroy tumanidagi oilaviy poliklinikalardan birining katta hamshirasidan olgan.

Abdulaziz Kamilov koronavirusga qarshi to‘liq emlangan

Tashqi ishlar vazirligi rahbari Abdulaziz Kamilov COVID-19 ga qarshi to‘liq emlangan. Vazir aynan qaysi vaksinani olganligi ma’lum qilinmadi.

Zoyir Mirzayev ham o‘zbek-xitoy, ham “Sputnik V” vaksinasi bilan emlangani ma’lum bo‘ldi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev xitoy-o‘zbek vaksinasining ikkita dozasi bilan emlangan. Keyinroq viloyat rahbari “Sputnik V” vaksinasini ham qabul qilganligi ma’lum bo‘ldi. Bunga unda antitanachalar ko‘tarilmaganligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi bir necha xil vaksina bilan emlanishda nojo‘ya ta’sirlar xavfi borligi haqida ogohlantirib, fuqarolardan “o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini” so‘ragan edi.

Yo‘llarga sarflanayotgan mablag‘lar ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish taklif etilmoqda

Adliya vazirligi avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash borasidagi barcha ma’lumotlar joylashtiriladigan ochiq platformani ishga tushirishni taklif qildi. Uning yordamida yo‘l infratuzilmasiga yo‘naltirilgan mablag‘larning sarflanishini nazorat qilish va yo‘llardagi nosozliklar haqida xabar berish mumkin bo‘ladi.

“Strit-art shahar muhitiga o‘zgacha tarovat beruvchi vositaga aylanmoqda” — senat raisi

Oliy Majlis senati raisi Tanzila Narbayeva Tokio-2020 olimpiya o‘yinlaridagi sportchilarga bag‘ishlangan murralarni qo‘llab quvvatladi. “San'atni qo‘llab-quvvatlash zarur. Strit-art va pablik-art kabi zamonaviy yo‘nalishlari ijodkor yoshlarimiz qo‘lida shahar muhitiga o‘zgacha tarovat beruvchi vositaga aylanib bormoqda”, — dedi u.

Xiva va Payariq tumanlariga hokimlar tayinlandi

Hurmat Matrasulov Xorazm viloyatining Xiva tumaniga, Zafat Ergashev Samarqand viloyatining Payariq tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.

Usmonxon Alimov hanuz Moskvada davolanayotgani ma’lum qilindi

Muftiy Usmonxon Alimov o‘pka pnevmoniyasi va qon-tomir kasalliklaridan davo muolajalarini hanuz Moskvada olayotgani ma’lum qilindi. “Ayni kunlarda hazratning holatlari barqaror”, — deyiladi xabarda.

Toshkentda xizmat ko‘rsatish sohasida 415 mingdan ortiq ish o‘rinlarini ochish rejalashtirilmoqda

Toshkentda xizmat ko‘rsatish sohasida 415 mingdan ortiq ish o‘rinlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu yangi tadbirkorlik subyektlari va tunu kun ishlaydigan savdo-ko‘ngilochar ko‘chalar tashkil etish, o‘zini o‘zi band qilish, birinchi qavat va yerto‘lalarni ijaraga berish orqali amalga oshiriladi.

“Ayrim idora va vazirliklar hali ham Antikorrupsiya agentligini tan olgisi kelmaydi” — Akmal Burxonov

Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov agentlik o‘z faoliyatini to‘laqonli amalga oshirishda duch kelayotgan to‘siqlar haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, agentlikning xatiga vaqtida javob bermaslik yoki korrupsion omil haqidagi taqdimnomaga “boshqacha munosabatda” bo‘lish holatlari uchraydi. “Taqdimnomamizga adekvat reaksiya bildirilmasa, javobgarlikka tortish bo‘yicha taklif kiritganmiz… Lekin ayrim idora va vazirliklar hali ham agentlikni tan olgisi kelmaydi”, — deydi u.

Energetika vaziri Alisher Sultonov koronavirusga qarshi ikki marotaba to‘liq emlangan

Energetika vaziri Alisher Sultonov dekabr va may oylari oralig‘ida ikki marotaba koronavirusga qarshi vaksinatsiyaning to‘liq kursini tugatgan. Vazir aynan qaysi preparat bilan emlangani ma’lum qilinmadi.

Radar joyi uchun kurash: narx boshlang‘ich bahosidan qariyb 100 barobarga oshib ketdi

Toshkent markazidagi radar o‘rnatish joyi elektron auksionda boshlang‘ich bahosidan 95 barobar qimmatga — qariyb 3,5 mlrd so‘mga sotildi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Frensis Fukuyama O‘zbekiston va mamlakatlar qanday qilib farovonlikka erishishi haqida

Stenford universiteti professori Frensis Fukuyama “Hoshimov Iqtisodiyoti” loyihasining mehmoni bo‘lib, O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi, Markaziy Osiyo davlatlari taraqqiyotiga nima to‘siq bo‘lishi, iqtisodiy o‘sish va demokratiya o‘rtasidagi bog‘liqlik, taraqqiyot uchun zarur omillar haqida fikr bildirdi. “Gazeta.uz” ushbu suhbatdan ayrim qismlarini taqdim etadi.