Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 avgust kuni Toshkent shahrida xizmatlar sohasida yangi ish o‘rinlari tashkil etishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning iyun-dekabr oylarida xizmatlar sohasida 415 mingta ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. Ushbu ko‘rsatkichga quyidagilarni amalga oshirish orqali erishish ko‘zda tutilmoqda:

  • Bank mijozlarida qo‘shimcha ish o‘rinlarini ochish — 171 722;
  • tunu kun ishlaydigan savdo-ko‘ngilochar ko‘chalar tashkil etish — 147 365;
  • o‘zini o‘zi band qilishni rag‘batlantirish — 50 ming;
  • birinchi qavat va yerto‘lalarni ijaraga berish — 7780 va 2000;
  • yangi yuridik shaxslarni ochish — 27 806;
  • yangi YATTlar ochish — 8354.

Jumladan, iyun-iyul oylarida 24 ming kishi o‘zini o‘zi band qilgan, yangi tadbirkorlik subyektlarida 17 ming fuqaro ishli bo‘lgan.

Mavjud 587 podvaldan 468 tasi ijara uchun ajratilgan bo‘lib, 1 avgust holatiga ko‘ra, ularning 348 tasida loyihalar ishga tushirilgan. Shu tufayli 1140 ta yangi ish o‘rni yaratish va xizmatlar hajmini 3,5 milliard so‘mga oshirish mumkin bo‘ldi.

Prezident bu tajribani mamlakatning boshqa hududlarida ham tatbiq etish bo‘yicha topshiriq berdi. Qonunchilikka o‘zgartirish kiritib, xizmat ko‘rsatuvchilarga moliyaviy yengilliklar berish orqali ular faoliyatini rasmiylashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Aprel oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev xizmatlar sohasi uchun banklar tomonidan joriy yilda kamida 18 trln so‘m kreditlar yo‘naltirilishini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, davlat tomonidan tijorat banklari orqali qo‘shimcha 300 mln dollar, shundan 1 iyulgacha 150 mln dollar ajratiladi.

28 ta shahar va aholisi 150 mingdan ko‘p 110 ta tuman markazida savdo va xizmatlar uchun maxsus ko‘chalar tashkil etish rejalashtirilmoqda. «Odamlarga halaqit bermaydigan qilib, kunu-tun (24 soat) ishlashiga ruxsat berish kerak», — degan edi davlat rahbari.

Aprelda xizmat ko‘rsatish sohasida 27 nafar mansabdor shaxs faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun lavozimidan ozod qilindi, 54 nafariga intizomiy chora ko‘rildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ayrim rahbarlarning mas’uliyatsizligi oqibatida haligacha ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi, obyektlar soni va hududlar salohiyatini aniq baholash imkoniyati mavjud emas.