Adliya vazirligi avtomobil yo‘llari sohasida moliyaviy shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasini tayyorladi. U muhokama uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Hujjat bilan aholi uchun ochiq bo‘lgan Shaffof yo’l onlayn-platformasi va uning mobil ilovasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Platformaga yo‘l qurilishi bo‘yicha davlat va mahalliy ahamiyatga molik barcha dasturlar joylashtiriladi.

«Qurilishi va ta’mirlanishi rejalashtirilgan yo‘llarning barchasi onlayn-xaritada yaqqol ko‘rinib turadi, ya’ni ta’mirlanayotgan yo‘llar qandaydir „4K66“ kabi tushunarsiz raqamlar bilan emas, balki shahar va ko‘cha nomigacha ushbu platformadan va mobil telefondan ko‘rib turish mumkin bo‘ladi», — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Shu xaritaning o‘zida qurilishi yoki ta’mirlashni amalga oshirayotgan tashkilot, sarflanayotgan mablag‘, bajarilgan ishlarning ahvolini bevosita kuzatib borish imkoni paydo bo‘ladi

Yo‘l jamg‘armalarining barcha tushumlari real vaqt rejimida Platformada «onlayn-hisoblagich»da ko‘rinib turadi.

«Masalan, avtomobilingizni ro‘yxatdan o‘tkazganda yo‘l jamg‘armasiga to‘langan mablag‘ qayerga ketganligini shu zahoti bilib olsa bo‘ladi», — deya qayd etdi Adliya vazirligi.

Platformadan foydalangan fuqaro buzilgan yo‘llar aks etgan foto va videoxabarlar, shuningdek, yo‘llarda vujudga kelgan tezkor texnik muammolar va yo‘l harakatiga to‘sqinlik qilayotgan omillar haqidagi ma’lumotlarni qoldirishlari mumkin.

Adliya vazirligi jamoatchilikni hujjat loyihasi muhokamasida faol ishtirok etishga chaqirdi.