Novda Group kompaniyasi illyustratorlari Tokio-2020 olimpiadasi sovrindorlariga bag‘ishlangan suratlarni taqdim etdi. Hozirda mazkur illyustratsiyalarni ko‘p qavatli uylarning devorlariga tushirish taklif etilmoqda.

Ushbu tashabbusni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva qo‘llab-quvvatladi. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yildagi pandemiya davrida shifokorlarga bag‘ishlangan Sergeli tumanida yosh rassom Xasan Maycheyev tomonidan yaratilgan mural ko‘pchilikka manzur kelgan.

«Tibbiyot xodimlariga san’at orqali ehtirom ko‘rsatish tashabbusi barchaga ma’qul keldi va o‘zbek tasviriy san’atida yangi janr rivojlanishiga ham turtki bo‘ldi», — degan edi u.

Senat raisi tashabbuskor rassom-illyustratorlarning ko‘p qavatli uylarning devorlarida sportchilarning Tokio-2020 olimpiadasidagi chiqishlariga bag‘ishlangan murallarni yaratish va ularning sportdagi yutuqlarini tarixga muhrlash taklifi quvontirganini ta’kidladi.

«Shaxsan men ushbu tashabbus g‘oyasini qo‘llab -quvvatlayman. Uning amalga oshishi Vatanimiz sharafini yuksaltirayotgan sportchilarimizga chuqur ehtiromimiz belgisidir», — dedi u.

«San’atni qo‘llab-quvvatlash zarur. Aslida tarix san’atda o‘z aksini topadi. San’atning strit-art va pablik-art kabi zamonaviy yo‘nalishlari ijodkor yoshlarimiz qo‘lida shahar muhitiga o‘zgacha tarovat beruvchi vositaga aylanib bormoqda», — deydi senat raisi.

Taklif etilayotgan murallar