2021 yil 6 oyida O‘zbekiston ipoteka bozorida kredit ko‘rsatkichlari ipoteka kreditlariga bo‘lgan yuqori talab hamda birlamchi bozordagi uy-joylar taklifi o‘rtasidagi nomutanosiblik ta’sirida shakllandi, deyiladi Markaziy bank hisobotida.

1 iyul holatiga ipoteka kreditlari qoldig‘i 30,8 trln so‘mni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 25,2 foizga (6,2 trln. so‘mga) o‘sgan bo‘lsa, mazkur davrda ajratilgan ipoteka kreditlari esa 28,1 foizga kamayib, 3,5 trln. so‘mni tashkil etdi.

Mazkur kamayish tendensiyasiga asosiy omillar sifatida ipoteka bozorida raqobat muhitini yanada rivojlantirish uchun joriy etilgan quyidagi:

  • 2020 yilgi maqsadli davlat dasturlaridan boshlab «Qishloq qurilish invest» IK ishtirokida bir qavatli arzon uy-joylar qurilishining to‘xtalishi;
  • «O‘zshahar qurilish invest» IK ishtirokida shaharlarda ko‘p kvartirali arzon uy-joylarning qurilishini moliyalashtirish potensial qarz oluvchilar mablag‘lari hamda qonunchilikda ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishiga qaratilgan tartiblarni keltirib o‘tishimiz mumkin.

Mazkur tartiblarning joriy etilishi markazlashgan mablag‘lar hisobidan uy-joy qurilishi uchun resurs mablag‘larini ajratishdan voz kechib, kelgusida aholiga ipoteka kreditlari berish uchun tijorat banklarini uzoq muddatli resurs mablag‘lari bilan ta’minlashga qaratilgan.

6 oyda «Qishloq qurilish invest» IK hamda «O‘zshahar qurilish invest» IK tomonidan qurilgan uylarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlarining jami ajratilgan ipoteka kreditlaridagi ulushi 19,8 foizni (698,2 mlrd so‘m) tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 48,8 foizga (2,66 trln so‘mga) kamaydi.

Shu bilan birga, mazkur davrda aholini uy-joy bilan ta’minlashning bozor tamoyillariga asoslangan yangi tartibi doirasida ajratilgan ipoteka kreditlarining ulushi 6,7 foizdan (328 mlrd so‘mdan) 47,9 foizga (1,68 trln so‘mga) oshdi.

Bundan tashqari, ikkilamchi uy-joy bozorida ipoteka kreditlarini ajratish hajmi 10 barobardan ko‘proqqa oshdi. 2020 yil I yarim yilligida ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlarining jami ajratilgan ipoteka kreditlaridagi ulushi 1,3 foizni (63 mlrd. so‘m) tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil I yarim yilligida ushbu ko‘rsatkich 18,6 foizgacha (656 mlrd. so‘mga) o‘sib, muhim tarkibiy o‘zgarishlar kuzatildi.

Ipoteka kreditlari qoldig‘ining 157,6 mlrd so‘mi (jami ipoteka krediti qoldig‘ining 0,5 foizi) 7 yil, 2,33 trln so‘mi (7,6 foizi) 10 yil, 9,66 trln so‘mi (31,4 foizi) 15 yil, 18,64 trln so‘mi (60,5 foizi) 20 yilgacha ajratilgan ipoteka kreditlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

2017 — 2021 yillar davomida ipoteka kreditlari qoldig‘i 3,6 barobarga (22,3 trln so‘mga) ipoteka shartnomalari soni esa qariyb 2,2 barobarga (134,5 ming donaga) oshgan.

I yarim yillik yakuni bo‘yicha jismoniy shaxslarga ajratilgan jami kreditlar qoldig‘i (61,8 trln so‘m) tarkibida ipoteka kreditlarining ulushi 49,8 foizni, 2020 yilning teng davrida mazkur ko‘rsatkich mos ravishda 47,4 trln so‘m va 51,9 foizni (24,6 trln so‘m) tashkil etgan.

Markaziy bank mazkur tendensiyani birinchi navbatda mamlakatda ishbilarmonlik muhitining yanada yaxshilanishi hamda pandemiya ta’sirida joriy etilgan karantin choralarining yumshatilishi natijasida ishlab chiqarish maqsadlari uchun kreditlarga bo‘lgan talabning ipoteka kreditlariga nisbatan ko‘proq o‘sishi bilan bog‘ladi.

Har oltinchi kvartira — ipoteka asosida

Ayni vaqtda har oltinchi kvartira ipotekaga sotib olinmoqda. 2021 yil 6 oyida ipoteka kreditlari orqali rasmiylashtirilgan uy-joylarning (25 321 ta) jami ko‘chmas mulk oldi — sotdi shartnomalaridagi (163,4 mingta) ulushi 15,5 foizni, o‘tgan yilning mos davrida mazkur ko‘rsatkich 22,9 foizni (32 422 ta) tashkil etib, 7,4 foizga kamaygan. Sirdaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida esa har to‘rtinchi kvartira kredit hisobidan sotib olingan.

Hududlar kesimida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi tahlil qilinganda ularning eng yuqori ulushi Toshkent shahri (29 foiz), Toshkent (12 foiz), Farg‘ona (9 foiz), Samarqand (7 foiz) viloyatlarida shakllangan bo‘lsa, nisbatan past ko‘rsatkichlar Sirdaryo (2 foiz), Jizzax (2 foiz), Xorazm (4 foiz) hamda Navoiy (4 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

2021 yil I yarim yilligida ajratilgan ipoteka kreditlarining 61 foizi 5 ta hududlar hissasiga to‘g‘ri kelib, bunda 28,2 foizi (994,3 mlrd so‘m) Toshkent shahri, 9,3 foizi (328,2 mlrd so‘m) Farg‘ona viloyati, 8,4 foizi (294,3 mlrd so‘m) Andijon viloyati hamda 7,8 foizi (276,5 mlrd so‘m) Samarqand viloyati hamda 7,1 foizi (248,7 mlrd so‘m) Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolarga ajratilgan.

Ipoteka kreditlarining 24 foizi (847,9 mlrd. so‘m) 18−30 yoshgacha, 70 foizi (2468,5 mlrd. so‘m) 31−50 yoshgacha, 6 foizi (206,4 mlrd. so‘m) esa 50 yoshdan yuqori fuqarolarga ajratilgan.

Ipoteka kreditlari portfeli sifatining yomonlashuvi

6 oy natijalariga ko‘ra, jami ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha 90 kundan ortiq vaqt davomida qaytarilmayotgan kredit qarzdorligi miqdori (muammoli kreditlar) 480,0 mlrd. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 364,2 mlrd. so‘mga, joriy yil boshiga nisbatan esa 186,8 mlrd. so‘mga ko‘paygan.

2021 yil 1 iyul holatiga ipoteka kreditlari qoldig‘i o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga o‘sgan bo‘lsa, muammoli kreditlari miqdori esa 8 foizga oshgan.

Markaziy bank mazkur holatni pandemiya tufayli aholi to‘lov qobiliyatining pasayishi hamda kreditlarni qaytarish bo‘yicha berilgan yengilliklar bilan izohladi.

Muammoli kreditlar miqdorining jami kredit qoldig‘iga nisbati 2020 yilning mos davriga nisbatan 2,9 foizdan 5,6 foizga oshgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich ipoteka kreditlari bo‘yicha 0,5 foizdan 1,6 foizgacha oshgan.

Tahlillar muammoli kreditlar miqdorining (NPL) nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3,3 foizni (66,1 mlrdso‘m), Jizzaxda 3,3 foizni (50,6 mlrd), Surxondaryoda 3,1 foizni (66,9 mlrd so‘m), Andijonda 2,6 foizni (50,4 mlrd so‘m) va Sirdaryoda 2,4 foizni (26,4 mlrd so‘m) tashkil etayotganligini ko‘rsatdi.

Tijorat banklari kesimida, muammoli kredit qoldig‘ining jami ipoteka krediti qoldig‘idagi ulushi Milliy bankda 3,8 foizga (135,5 mlrd. so‘m), Asakabankda 2,0 foizga (79,9 mlrd. so‘m), Mikrokreditbankda 1,6 foizga (4,2 mlrd. so‘m) hamda Xalq bankida 1,5 foizga (25,6 mlrd. so‘m) tengligi kuzatildi.