Iqtisodchi Bekzod Hoshimovning «Hoshimov Iqtisodiyoti» loyihasida navbatdagi mehmon Stenford universitetining (AQSh) siyosiy fanlar kafedrasi professori Frensis Fukuyama bo‘ldi.

Frensis Fukuyama Stenforddagi Friman Spogli nomidagi Xalqaro tadqiqotlar institutining katta ilmiy xodimi, shuningdek, ushbu institutda Demokratiya, taraqqiyot va qonun ustuvorligi markazining direktori sifatida faoliyat olib boradi. Uning eng mashhur kitoblaridan biri 1992 yilda yozilgan «Tarix intihosi va so‘nggi odam» ilmiy asari hisoblanadi.

Fukuyama Bekzod Hoshimovning iqtisodiy o‘sish va demokratik institutlar, inson kapitali va madaniyatning taraqqiyotdagi o‘rni, pandemiyada davrida davlatlar qo‘llagan choralar haqidagi savollariga javob berdi. «Gazeta.uz» ushbu suhbatdan ayrim qismlarini taqdim qiladi.

Taraqqiyot oldidagi to‘siqlar haqida

Suhbat boshida Frensis Fukuyama O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi yaxshi sur’atda ekanligini ta’kidlab, lekin uning barqaror emasligini qayd etdi.

«O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha ayrim qo‘shnilariga qaraganda unchalik yomon natijaga erishmadi. Ammo, menimcha, o‘sish barqaror emas, chunki u nisbatan kam sonli xom-ashyo tovarlariga asoslangan. O‘ylashimcha, jamiyatning uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishi ko‘p hollarda aholining inson kapitalining rivojlanishiga bog‘liq. Bu asosan ta’limga va ko‘nikmalar orttirishga bog‘liq. Shuningdek, O‘zbekistonning Uzoq Sharq, Yevropa va Yaqin Sharq o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lovchi vazifasidan ham foydalanish kerak».

Uning ta’kidlashicha, har qanday jamiyatning taraqqiyoti uning odamlari, ular olgan ta’lim darajasi va tashqi dunyo bilan aloqalariga bog‘liq. «O‘ylashimcha, bu O‘zbekiston uchun eng katta sinov bo‘ladi», — deydi Stenford professori.

Shuningdek, Frensis Fukuyama Markaziy Osiyo mamlakatlarida inklyuziv institutlar shakllanishiga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillarga ham to‘xtaldi.

«Markaziy Osiyoda katta to‘siqlardan biri, men kitobimda (The Origins of Political Order) aytgan „Patrimonializm“ (Patrimonialism) tushunchasidir. Bunda davlat ma’lum darajada barqarorlikka ega bo‘ladi, ammo bu barqarorlik davlat rahbarining oilasi va do‘stlari bilan shaxsiy munosabatlari atrofida quriladi. Ushbu turdagi jamiyatda „crony capitalism“ (faqat tanish-bilishlar uchun bo‘lgan kapitalizm) iqtisodiy tizimi rivojlanadi».

Taraqqiyot omillari haqida

Fukuyama eslab o‘tgan kitobida dunyo mamlakatlari qanday qilib rivojlanishning eng yuqori cho‘qqisi deb e’tirof etilgan «Daniya»ga aylanishlari mumkinligi haqida yozadi.

Fukuyama mamlakat rivojlanishi uchun yuqorida aytilgan «patrimonial» tizimni orqada qoldirib, barcha uchun inklyuziv, yoki, fuqarolar prezident yoki kuchli elita bilan shaxsiy munosabatlarsiz ham davlatga aloqador bo‘la oladigan tizimni yaratish kerakligini ta’kidlaydi. «Haqiqiy raqobat bo‘lishi uchun, boylar, shunchaki, prezident yoki siyosiy hokimiyat bilan aloqalari tufayli mukofotlanadigan odamlar emas, balki aslida qiymat yaratadigan insonlar bo‘lishi uchun iqtisodni qanday ochish kerak? Mana bular Daniyani, asl Daniya mamlakatini tavsiflovchi institutlardir. O‘zbekistonda ham mana shular kerak bo‘ladi deb o‘ylayman», — deydi u.

Siyosiy fanlar professorining fikriga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish davomiyligini ta’minlash uchun jamiyatga universitetda ta’lim olgan, umumiy savodxonlik darajasi bo‘lgan va bazaviy matematika ko‘nikmalari va boshqa shunga o‘xshash ko‘nikmalarga ega insonlar kerak bo‘ladi. «Muvaffaqiyatli modernizatsiyaga erishgan har qanday jamiyat o‘z aholisida ushbu ko‘nikmalarni rivojlantirishga e’tibor qaratgan deb o‘ylayman. Menimcha, bular uzoq muddatli rivojlanishga olib boruvchi ba’zi omillardir».

Demokratiyaning rivojlanishi uchun zarur sharoit haqida fikr bildirib, Fukuyama bunga tanqidiy fikrlashni shakllantiradigan ta’lim kerakligini qayd etadi.

«Bilasizmi, ko‘p odamlar sobiq Sovet Ittifoqida olim yoki muhandis bo‘lish uchun ta’lim olishgan, ammo ularga bu ko‘nikmalarni mexanik tarzda o‘rgatishgan. Ya’ni, ta’lim shunchaki ma’ruzalarni tinglash, ma’lum detallarni yodlash va formulalarni qo‘llashdan iborat bo‘lgan. Taqdim etilgan g‘oyalarni shubha ostiga olish, fikrni ochiq bayon qilish, mustaqil fikrlash o‘rgatilmagan. Va menimcha, G‘arbiy Yevropaning iqtisodiy muvaffaqiyatining siri ham shunda edi. Ular juda erta bosqichda, O‘rta asrlarda, Uyg‘onish davrining boshlarida, keyin esa protestantlik islohotidan so‘ng hokimiyatni so‘roqqa tuta oladigan intellektual madaniyatni rivojlantirdilar. Bu „men shaxs sifatida o‘z fikrlarimga egaman va o‘z fikrimga o‘z asoslarimni bera olaman“ deyish. Buni men bilan ishlagan Ukraina va Gruziya hamda sobiq kommunistik davlatlarning boshqa qismlaridan kelgan ko‘plab yoshlarda ham kuzatganman. Ular madaniy jihatdan ma’lum ma’noda juda „g‘arbiylashgan“. Ammo ularga hali ham yanada demokratik madaniyatni saqlash uchun juda zarur bo‘lgan fikrlash mustaqilligi yetishmayapti».

Iqtisodiy o‘sish va demokratiya o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida

Fukuyama demokratiya va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligiga shubha bilan qarashini ta’kidlaydi.

«Modernizatsiya nazariyasiga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish siyosiy ishtirok (political participation) uchun talabni yuzaga keltiradi. Odamlar ko‘proq ta’lim olishlari va mulkka egalik qilishni boshlashlari bilan ko‘proq o‘rta sinfga aylanib borishadi va hukumatdan hisobdorlikni talab qilishni boshlashlari mumkin. Menimcha, Janubiy Koreya va Tayvan bilan shu holat ro‘y bergan, ushbu mamlakatlar sanoatlashgach, ularning aholisi ham yaxshiroq ta’limga ega bo‘la boshlagan. Xitoy esa bundan keskin farq qiladi. Xitoy 1980 yillarda Tayvan va Janubiy Koreya demokratlashishni boshlagan paytdagidan ko‘ra ancha boyroq, lekin o‘rta sinf tomonidan demokratiya bo‘yicha katta talab bo‘lmayotgandek. Bu nazariya noto‘g‘ri degani emas, shunchaki aholi demokratiya talab qilishiga boshqa omillar ham ta’sir qilishini anglatadi».

Shuningdek, Fukuyama avtoritar hukumatning iqtisodiy o‘sishga erishish imkoniyati uning sifatiga bog‘liq ekanligini qayd etdi.

«Avtoritar hukumat va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradigan yaxshi siyosat o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik ko‘rmayman. Odamlar bunga na’muna sifatida Li Kuan Yuni (1959−1990 yillarda Singapur bosh vaziri — tahr.) ko‘rsatishadi. Ammo har bir Li Kuan Yu misoliga Museveni (1986 yildan beri Uganda prezidenti — таҳр.) yoki boshqa daxshatli avtoritar rahbar topiladi. Fikrimcha, Karimov iqtisodiyotni modernizatsiyalash nuqtai nazaridan uzoqni yaxshi ko‘ra oladigan shaxs bo‘lmagan va shuning uchun ham uning avtokratiyasi ijobiy natijalarga erisha olmagan».

Uning aytishicha, hozirgi kunda mamlakatlar o‘z institutlarini qanday ketma-ketlikda rivojlantirishni rejalashtirish imkoniyatiga ega emaslar.

«Demokratiyani talab qilayotgan aholiga „Yo‘q, yo‘q, yana bir yangi avlod kelsin, biz demokratiyaga hali tayyor emasmiz“, „Yana bir avlod iqtisodiy o‘sishni kutaylik“ deya javob berish o‘ta mushkul. Ko‘plab mamlakatlar bir vaqtning o‘zida bu narsalarning barchasini olib borishga majbur bo‘lyapti, lekin juda ko‘p joylarda rivojlanish tarixan bunday kechmagan. Hamma narsani bir vaqtning o‘zida amalga oshirish talabidan qochib qutilish qiyin deb o‘ylayman».

Pandemiya davrida davlatlar ko‘rgan choralardan nimani anglash mumkin?

Suhbat so‘ngida Frensis Fukuyama mamlakatlarning koronavirus pandemiyasi davrida ko‘rayotgan choralaridan nimalarni xulosa qilish mumkinligiga to‘xtaldi.

«Menimcha, bu yerda asosan uchta xususiyat muhim.

Birinchisi, davlat salohiyati. Agar sizda shifokorlar, sog‘liqni saqlash tizimi va ular uchun mablag‘ bo‘lmasa, shubhasiz, epidemiya bilan kurashish qiyin bo‘ladi.

Ikkinchisi, menimcha, ijtimoiy ishonch. AQShda bu borada holat achinarli bo‘ldi, chunki AQShda jamiyat hozirgi kunda juda bo‘linib ketgan, shuning uchun niqob taqish masalasi siyosiy pozitsiyaga aylandi. Agar kimdir prezident Trampni qo‘llab-quvvatlagani uchun niqob taqmasa, bu menimcha ahmoqona pozitsiya. Fuqarolar o‘rtasidagi ijtimoiy ishonch hamda hukumatga ishonch past bo‘lsa, shunday bo‘ladi. Shuncha odam vaksinalar bor vaziyatda ham uni olishdan bosh tortishyapti, chunki vaksina xavfsiz deb aytayotgan hukumatga ular ishonmaydilar. Qisqa qilib aytganda, ishonch muhim ahamiyatga ega.

Va nihoyat, uchinchisi, to‘g‘ri rahbariyat bo‘lishi muhim. Tramp yoki Braziliyadagi Bolsonaru, Meksikadagi Lopes Obrador, Belorusiyadagi Lukashenko kabi bir qator populist rahbarlar kasallikni jiddiy qabul qilmadilar, natijada virus tarqalib ketib, juda yomon natijalarga olib keldi".

To‘liq intervyu