Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga Srechko Katanets boshchilik qilishi mumkin. Futbol assotsiatsiyasi (FA) sloveniyalik 58 yoshli mutaxassis bilan muzokaralar olib bormoqda.

«Bir qancha xorijiy va mahalliy murabbiylar nomzodi sinchikovlik bilan o‘rganib chiqildi. Murabbiylar kengashi hamda mutaxassislar tahlil va tavsiyasiga ko‘ra sloveniyalik tajribali murabbiy Srechko Katanets nomzodi ma’qul deb topildi», — deyiladi futbol tashkiloti xabarida.

O‘FA hozirga qadar sloveniyalik murabbiy bilan og‘zaki kelishuvga erishgan va kelayotgan hafta Srechko Katanes o‘zaro muzokaralarning yakuniy bosqichini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda.

O‘zbekiston termasining avvalgi bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan tuzilgan shartnoma milliy jamoa 2022 yilgi jahon chempionati saralash bosqichidan chiqib ketganidan so‘ng bekor qilingan edi.

Srechko Katanets faoliyatini Sloveniyaning «Lyublyana» klubida boshlagan. 1981 yildan 1988 yilgacha u Yugoslaviyaning «Olimpiya», «Dinamo» va «Partizan» klublarida o‘ynagan. 1988 yilda u G‘arbiy Germaniyaning «Shtutgart» jamoasiga ko‘chib o‘tdi va u yerda bir mavsumni o‘tkazdi. Svabiyaliklar bilan Katanets UEFA kubogi finalchisiga aylandi. Mavsum tugagach, u Italiyaning «Sampdoriya» jamoasiga jo‘nab ketdi. Bu klub bilan u deyarli barcha unvonlarini qo‘lga kiritdi: Chempionat, Kubok va Superkubok. U Kubok egalari kubogini ham qo‘lga kiritdi. 1991/92 yilgi mavsumda u Chempionlar kubogi finalchisi bo‘lgan, uning jamoasi qo‘shimcha vaqtda «Barselona»ga 0: 1 hisobida yutqazgan edi.

Faoliyatini yakunlagach, murabbiy bo‘lib ishladi. U «Goritsa» va «Olimpiakos» klublarida faoliyat ko‘rsatdi. Shuningdek, u Makedoniya (2006−2009), Birlashgan Arab Amirliklari (2009−2011) va Sloveniya (2013−2017), shuningdek Iroq (2018−2021) terma jamoalarini boshqargan. U o‘z tarixida birinchi marta slovenlarni Yevropa va jahon chempionatlariga olib chiqdi. Ammo jahon chempionatida slovenlar barcha uchrashuvlarda mag‘lub bo‘lishdi va Katanets lavozimidan chetlatildi.