COVID-19'ga qarshi jamoaviy immunitetiga erishib bo‘lmaydi — AstraZeneca vaksinasi yaratuvchisi

Koronavirusning «delta» shtammi COVID-19'ga qarshi jamoaviy immuniteti shakllanishini imkonsiz qilmoqda, chunki u hatto emlangan odamlarga ham yuqishni davom etmoqda. Bu haqda AstraZeneca bilan hamkorlik qilayotgan Oksford koronavirusga qarshi emlash ishlab chiqish guruhi rahbari, professor Endryu Pollard aytib o‘tdi.

Hatto barcha bolalarni emlasak ham, bu virus tarqalishini to‘xtatmaydi, dedi u Buyuk Britaniya deputatlariga. Buning o‘rniga u COVID-19 bilan og‘ir kasal bo‘lganlarni davolashni optimallashtirishga e’tibor qaratishni taklif qildi. «Muammo shundaki, bu virus qizamiq virusi emas. Agar aholining 95 foizi qizamiqqa qarshi emlansa, qizamiq virusi boshqa tarqalmaydi», — uning so‘zlarini keltiradi The Guardian. «„Delta“ varianti emlanganlarga yuqishni davom etmoqda. Va bu shuni anglatadiki, hali emlanmaganlar ertami-kechmi bu virusga duch keladilar. Bizda uning tarqalishini butunlay to‘xtata oladigan hech narsa yo‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksinalar koronavirus infeksiyasining og‘ir holatlari va o‘limdan himoya qiladi, ammo infeksiyani yuqtirishdan emas».

Professor qayta emlash (revaksinatsiya) to‘g‘risidagi qarorlarni ma’qulamasdan, buni «olimlar qabul qilishlari kerak», deya ta’kidladi. Uningcha, vaksinalarning uchinchi dozalari ular kerakliroq joylarga, masalan, odamlarga dori-darmoni yetarli bo‘lmagan chet el mamlakatlariga yuborilishi kerak. Pollardning aytishicha, emlangan odamlarning immunitet tizimi o‘nlab yillar davomida ular ikki marta emlanganini eslab qolib, ularni koronavirusdan himoya qiladi.

Avvalroq JSST davlatlarni o‘z fuqarolarini qayta emlashni kechiktirishga va o‘z aholisini emlashga hali ulgurmagan mamlakatlar bilan vaksinalarni baham ko‘rishga chaqirgan edi.


Dunyo bo‘ylab tabiiy ofatlar

  • Italiyada 528 ta o‘rmon yong‘ini qayd etilgan, shundan 230 tasi Sitsiliya oroliga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Kalabriya viloyatida 100 ta yong‘in sodir bo‘lganligi xabar qilingan. 4 kishi halok bo‘ldi. So‘nggi kunlarda Italiyada «Lutsifer» deb nomlangan antitsiklon kuzatilmoqda. 11 avgust kuni Sitsiliya orolidagi havo harorati 48,8 darajaga yetdi va bu Yevropa uchun yangi rekord bo‘ldi. Issiqlik to‘lqini Italiyada yana bir necha kun davom etishi kutilmoqda.
  • Kaliforniya tarixidagi eng yirik o‘rmon yong‘inlari kamida mingta binoga zarar yetkazgan, ulardan 550 tasi turar joydir. «Diksi» nomli yong‘inlar 2 ming kv. kmdar ortiq maydonni qamrab olgan, yong‘inning faqat 30 foizi bartaraf etildi. Kuchli shamol va tik yerlar olovni o‘chirishda qiyinchilik tug‘dirmoqda. Taxminlarga ko‘ra, Kaliforniyada 14 mingga yaqin uy xavf ostida qolmoqda. Hozirda AQShning 15 shtatida, asosan, mamlakatning g‘arbiy qismida, 100 ga yaqin yong‘in davom etmoqda.
  • Turkiyadagi toshqinlar oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi, bir kishi bedarak yo‘qolgan. «Meteorologik nuqtai nazardan qaraganda, ehtimol biz 50, hatto 100 yildan beri ko‘rilmagan falokatga duch keldik», — dedi Turkiya qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Bekir Pakdemirli. Mamlakat shimolida — Bartin, Kastamonu, Sinop va Samsun viloyatlarida 11 avgust kuni kuchli yomg‘ir natijasida suv toshqini va ko‘chkilar boshlandi. Turkiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi Bartin viloyatining Ulus tumanidagi o‘nlab qishloqlar elektr energiyasidan uzilganini ma’lum qildi. Hududda aholini evakuatsiya qilish uchun harbiy vertolyotlardan foydalanilmoqda. Tilga olingan viloyatlarda ko‘plab uylar va korxonalarni suv bosdi, ko‘priklar va yo‘llar vayron bo‘ldi. Turkiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi Bartin va Karabuk viloyatlarini bog‘laydigan yo‘ldagi ko‘prik qulashi oqibatida 13 kishi jarohat olgani haqida xabar berdi.

Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi yangiliklar

  • 12 avgust kuni kechqurun «Tolibon» Afg‘oniston janubidagi Qandahor viloyati markazi va mamlakatning ikkinchi yirik shahri bo‘lgan Qandahorni egallab olganini e’lon qildi. Agar ushbu xabar rasman tasdiqlansa, bu mamlakatda toliblar nazoratiga o‘tgan 34 provinsiya markazining 12-si bo‘ladi. Bundan tashqari, toliblar bugun ertalab Afg‘oniston janubi-sharqida G‘azni viloyati markazi G‘azni shahrining asosiy hududlarini nazorat ostiga olishdi.
  • Afg‘oniston qurolli kuchlari va qo‘shinlari 11 avgust kuni «Tolibon» jangarilarining Hirot va Badg‘iz provinsiyalarining ma’muriy markazlari — Hirot va Kalayi-Nau shaharlariga qilgan bir qancha hujumlarini qaytarishdi. Mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan bir kun ichida mamlakat qurolli kuchlari tomonidan 439 nafar tolibon yo‘q qilingan, 77 nafari yaralangan.
  • Germaniyaning Afg‘onistondagi elchixonasi vatandoshlarini zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirdi va konsullik bo‘limining xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari «juda cheklangan» ekanligidan ogohlantirdi. Avvalroq shunga o‘xshash ogohlantirish AQSh va Buyuk Britaniyaning Afg‘onistondagi elchixonalari tomonidan ham qilingan edi. Shu bilan birga, Germaniya TIV Afg‘onistondan qochqinlar sonining ko‘payishidan xavotirda ekanligini ta’kidladi. «Afg‘onistonni tark etishga majbur bo‘lganlar soni ortib bormoqda. Biz Germaniyadagi ta’sirni ham sezamiz, garchi bu yaqin haftalarda bo‘lmasa-da. Germaniya afg‘onlar uchun jozibali mamlakat», — dedi TIV vakili Nils Annen.
  • Daniya Kobuldagi elchixonasida tarjimon va boshqa mutaxassislar sifatida ishlagan afg‘onlarga qirolikka evakuatsiya qilishni taklif qildi. Birinchi bosqichda bu imkoniyat diplomatik vakolatxonaning mahalliy yollangan 45 nafar xodimi va ularning oilalariga (farzandlari, turmush o‘rtoqlari va sheriklari) taqdim etiladi, ularga Daniyada ikki yil vaqtincha yashash huquqi beriladi. Bundan tashqari, yana 200 kishi bosqichma-bosqich Afg‘onistondan evakuatsiya qilinadi.
  • Fransiya iyul oyining boshidan buyon afg‘on muhojirlarini o‘z vataniga jo‘natishni to‘xtatdi. Rasmiy ravishda, hukumat afg‘on muhojirlariga nisbatan siyosat o‘zgarganini 12 avgust kuni e’lon qildi. 2020 yilda Afg‘oniston Fransiyadan boshpana so‘rovlari soni bo‘yicha mamlakatlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi, yil davomida 8886 ta bunday ariza berilgan.

Yevropa Ittifoqi oziq-ovqat mahsulotlaridagi kanserogenlar me’yor standartlarini kuchaytiradi

Yevropa Ittifoqi saratonga qarshi kurashish rejasining bir qismi sifatida oziq-ovqat mahsulotlarida kadmiy va qo‘rg‘oshin maksimal me’yor darajalarini o‘rnatmoqda. Qo‘rg‘oshin maksimal me’yor darajasi uchun talab 30 avgustdan, kadmiy uchun 31 avgustdan boshlab kuchga kiradi. Bu choralar Yevropa Ittifoqida sotiladigan va iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, kadmiyning eng yuqori konsentratsiyali mahsulotlarini bozordan olib tashlashga yordam beradi. Modda meva, sabzavot, don va yog‘li ekinlarda uchraydi. Shuningdek, aksariyat oziq-ovqat mahsulotlarida, jumladan, bolalar ozuqasida uchraydigan qo‘rg‘oshinning maksimal me’yor miqdorini kamaytirish ham rejalashtirilmoqda. Yovvoyi qo‘ziqorin, ziravorlar va tuz kabi mahsulotlar uchun qo‘rg‘oshinning yangi me’yor darajasi o‘rnatiladi. — Interfaks.


Shuningdek:

  • Madagaskar prezidenti Andri Radzuelina hukumatning barcha a’zolarini iste’foga chiqardi. Sabablari keltirilmagan. 8 avgustdagi chiqishida prezident hukumat va bir qator vazirlarning harakatlarini tanqid qilib, ularni qoniqarsiz deb atagan edi. Vazirlarni lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi qaror Madagaskarda davlat rahbariga qilingan suiqasd bo‘yicha tergov fonida qabul qilinganligi aytilmoqda.
  • Shveysariya federal kengashi (hukumati) joriy yilning oktyabr oyidan boshlab COVID-19'ga qarshi emlanmaganlar uchun bepul koronavirus testlarini bekor qilishni taklif qilmoqda. 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar va emlanishi mumkin bo‘lmagan shaxslar uchun istisno qilinishi ko‘zda tutilgan. Tegishli qaror 25 avgust kuni e’lon qilinadi.
  • AQSh ma’muriyati embargoga qaramay, Kuba aholisiga internetga ulanishda yordam berishni rejalashtirmoqda. AQSh Moliya va Savdo vazirliklarining qo‘shma bayonotiga ko‘ra, hukumat kubaliklarga tegishli dasturiy ta’minot, uskunalar, o‘quv materiallarini topshirishga, shuningdek ularga bu sohada xizmatlar ko‘rsatishga to‘sqinlik qilmaydi. Avvalroq, Kuba hukumati norozilik namoyishlari ortidan kichik va o‘rta xususiy tadbirkorlikni qonuniylashtirgan edi.
  • Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Al Soniy 2017 yilning iyunidan buyon muzlatilgan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish doirasida mamlakatning Saudiya Arabistondagi elchisini tayinladi. 2017 yilning yozida Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr Dohani terrorizmni qo‘llab -quvvatlash va ularning ichki ishlariga aralashishda ayblab, Qatar bilan diplomatik aloqalar uzilganini e’lon qilishgan edi.
  • Avstraliya poytaxti Kanberra koronavirus holati aniqlangani sababli yetti kunga yopiladi. Kanberrada yangi holat bir yildan ko‘proq vaqt ichida ilk bor qayd etildi. Oxirgi marta Kanberra o‘tgan yilning aprel oyida karantinga yopilgan edi.