9 avgust kuni Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Moderna vaksinasining birinchi komponentini qabul qildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Vazirlik qayd etishiga ko‘ra, markaziy apparat xodimlarining 61 foizi, quyi tashkilotlar xodimlarining 70 foizi va ITSV hududiy bo‘linmalari xodimlarining 85 foizi emlandi.

Avvalroq, bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev COVID-19 ga qarshi emlangani haqida xabar bergan edik.

Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin «Sputnik V» vaksinasini olganligi, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov esa xitoy-o‘zbek vaksinasining sinovida ishtirok etgani, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov xitoy-o‘zbek vaksinasi bilan emlangani haqida xabar berilgan.

Shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov ham koronavirusga qarshi emlangani ma’lum qilingan edi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xitoy-o‘zbek, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva«Sputnik V» va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev xitoy-o‘zbek vaksinasi bilan emlangani haqida xabar berilgan.